"Navoiy" EIZga press-tur tashkil etildi
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Navoiy viloyati hokimligi tomonidan “Navoiy” EIZda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari faoliyati va ushbu yo‘nalishdagi investitsiya loyihalari bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
2020 yilda Navoiy viloyatida 2655,2 milliard so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 33 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari tomonidan 43,8 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Shuningdek, 2020 yilda umumiy qiymati 1163,8 milliard so‘mlik 83 ta loyiha ishga tushirilgan va 1647 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Loyihalarni moliyalashtirishga tashabbuskorlarning 304,8 milliard so‘m o‘z mablag‘lari, 131 milliard so‘m bank krediti, xorijiy kreditlar va xorijiy investitsiya hisobidan esa 71,4 million dollar yo‘naltirilgan.
Press tur ishtirokchilari dastlab marmar chiqindilaridan kompozit plitalar va arxitektura qurilmalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Gazgan Marble Group” MCHJ faoliyati bilan tanishdi.
– Loyihaning umumiy qiymati qariyb 37,7 million AQSH dollar bo‘lib, dunyoda yetakchi hisoblangan Italiyaning “Breton S.P.A” kompaniyasi texnologiyasi olib kelib o‘rnatilmoqda, – deydi Navoiy EIZ direksiyasi investorlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Jamshid Jumayev. – Ushbu loyiha ishga tushgach, 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi bilan birga yiliga 300 ming kvadrat metr qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
[gallery-1825]
Shuningdek, OAV vakillari hududdagi “National Plast” MCHJda ham bo‘ldi.
Korxonada asosan PVXdan profillar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 20 million AQSH dollarni, yillik ishlab chiqarish quvvati esa 50 ming tonnani tashkil etadi. Ayni paytda bu yerda 410 nafar yigit-qiz faoliyat olib bormoqda.
Press tur yakunida “Navoiy EIS” direksiyasida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda direksiya direktori Habib Abdullayev Prezidentimizning 2017 yil 25 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi to‘g‘risida to‘xtalib, EIZda xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradigan soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangan holda zamonaviy, yuqori texnologik, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradigan loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Shu kunga qadar erkin iqtisodiy zonada 291,2 million dollarlik 52 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 3780 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Ayni paytda esa 64 ta loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ularning umumiy qiymati 619,9 million dollarni tashkil etadi. Shuningdek, 2021 yilda 480,8 million dollarlik 60 ta loyiha ishga tushishi kutilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (foto), O‘zA