"Navbahor"ning avvalgi mavqei tiklanadi
Namangan shahridagi "Pahlavon" sport majmuasida “Navbahor” professional futbol klubining 2026-yilgi mavsum oldidan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘ziga xos ravishda an’anaviy bayramga ulgurgan ushbu tadbirda millionlar o‘yini ixlosmandlari, viloyat tashkilotlari mutasaddilari, homiylar, jamoa a’zolari ishtirok etdilar.

Dastavval, ulkan monitorda yig‘ilganlar e’tiboriga “Navbahor” jamoasining so‘nggi yillarda mamlakat va Osiyo maydonlarida erishayotgan muvaffaqiyatlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi.
Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov futbolchilar, murabbiylar shtabi va barcha muxlislarni bo‘lajak mavsum bilan tabriklab, Prezidentimizning 2025-yil sentabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida “Navbahor” haqida aytgan e’tirofini esga oldi.

Qayd etilganidek, joriy yilda “Navbahor”ning O‘zbekiston chempioni unvonini qo‘lga kiritganiga 30 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan yangi mavsumda “Lochinlar” oltin medallar uchun kurash olib borishi vazifa sifatida belgilandi. Bayramona taqdimotda futbolchilarga Superliga va kubok bahslarida to‘p suradigan raqamlari tushirilgan liboslar tantanali ravishda taqdim etildi.
Aytish lozimki, “Navbahor” yangi mavsumda o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Jamoa tayyorgarlik rejasi asosida Turkiyada ikki bor xalqaro o‘quv yig‘inini o‘tkazib, bir qator xorij jamoalari bilan nazorat o‘yinlarida maydonga tushdi. O‘tgan mavsumda muxlislar mehrini qozongan milliy terma jamoamiz a’zosi Ruslanbek Jiyanov, Saidazamat Mirsaidov, Abbos G‘ulomov, Shohmalik Komilov, Zabihullo O‘rinboyev kabi yetakchi charm to‘p ustalari bilan kelishuv uzaytirildi. Tarkibga mamlakat Superligasi hamda Rossiya va Gruziya, Braziliya chempionatlarida to‘p surgan Ikrom Norchayev, O‘tkir Yusupov, Umar Adhamzoda, Aleks Fernandes, Giorgi Jgerenaya, Katulondi Kati kabi 15 nafar mohir yangi futbolchi jalb etildi.

Klubning yangi bosh murabbiysi, mamlakatimizning o‘tgan mavsumdagi “eng yaxshi murabbiyi”, deb topilgan Timur Kapadze, jamoa sardori O‘tkir Yusupov va gruziyalik legioner Anri Chechinadze so‘zga chiqib, “Navbahor”ning avvalgi mavqeini tiklash, Namangan futbolining nufuzini oshirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishlarini bildirdi.

Jamoa rahbariyati tomonidan viloyat hokimi hamda faol muxlislardan jamlangan “fan-klub” yetakchilariga “Navbahor”ning maxsus futbolkalari topshirildi.
Tadbir davomida taniqli san’atkor ijrosidagi dilbar kuy-qo‘shiqlar davraga ko‘tarinki zavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA