Narpaylik g‘allakorlarning yuzi yorug‘ bo‘ldi
Narpay tumani g‘allakorlari Samarqand viloyatida birinchi bo‘lib davlat xaridi uchun 9508 tonna, birja savdolari uchun esa 2755 tonnalik ulkan xirmon yaratib, shartnoma shartlarini bajardi.
Aslida, bugun mamlakatimizda g‘allachilikda amalga oshirilgan islohotlar natijasida fermer yoki klasterlar egalaridan shartnoma majburiyatini so‘rashga hojat qolmagan.

Mehnatidan manfaatdorligi oshgan g‘allakor avvalo shartnoma shartlarini bajarib, g‘allaning qolgan qismini omborda jamg‘arib qo‘yishga harakat qilmoqda.

Narpaylik g‘allakorlar ham bu yilgi mavsumga ana shunday kayfiyatda hozirlik ko‘rib, o‘n to‘rt ish kunida shartnoma majburiyatlarini ado etdi. Tumandagi 242 fermer xo‘jaligi 5720 gektar maydonda g‘alla parvarishlab, har gektar yerdan o‘rtacha 72 sentnerdan hosil oldi.

Jumladan, “Oqtosh Farrux Abror” fermer xo‘jaligi a’zolari 25 gektar maydonda g‘alla parvarishlab, 67,1 tonna o‘rniga 144,8 tonna sara don yig‘ishtirib oldi. Ayni paytda o‘rim mavsumi davom etmoqda. Hali kombayn tushmagan dalalar bisyor.
G‘olib Hasanov, O‘zA