Narkojinoyatlar uchun jazoning og‘irlashtirilgani potensial jinoyatchilarni to‘xtashga majbur qiladi
Millat genofondini asrash, yosh avlodni giyohvandlik balosidan himoya qilish hamda jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari 2026-yil 11-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunning muhim jihatlari va ahamiyati haqida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Zumrad Bekatova quyidagilarni gapirib berdi:
– Zamonaviy dunyoda giyohvandlikning yangi, yashirin shakllari – sintetik narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning tarqalish xavfi ortib, fuqarolarimiz, ayniqsa, yosh avlodni “asr vabosi” deb atalmish bu baloning girdobiga tobora tortib bormoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 300 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan. Yanada achinarlisi, har yili 600 ming odamning hayotdan erta ko‘z yumishi psixofaol moddalar qabul qilish bilan bog‘liq.
Tahlillar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning statistik ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, an’anaviy narkotiklar o‘rnini yuqori texnologik usullarda tayyorlangan kimyoviy moddalar egallamoqda.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish holatlarining ko‘payishi nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi uchun, balki milliy xavfsizligimiz uchun ham jiddiy signaldir.
Keyingi yillarda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 2,5 barobar oshgan, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 2 barobar, yo‘q qilingan sintetik narkotiklar 7 barobar ko‘paygan.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narkojinoyat fosh etilib, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, jumladan, 120 kilogramm sintetik narkotiklar yo‘q qilingan.
Huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari natijasida 2024-yilda respublika hududida 5 ta g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2025-yilda 14 tani tashkil etgan.
Zamon o‘zgarishi bilan giyohvandlar taqiqlangan moddalarni “qo‘ldan-qo‘lga” berish usulidan voz kechib, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi yashirin kanallar orqali faoliyat yuritmoqda. 2025-yilning o‘zida 72 ta yirik internet do‘koni faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Narkojinoyat uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan shaxs, muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, o‘rtacha 3 yil 4 oyda ozodlikka chiqqan. So‘nggi 4 yilda bu toifadagi jinoyatlarni takroran sodir etgan shaxslar soni 2,25 baravarga oshgan.
Amaldagi qonunchilikda giyohvandlik vositalarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, sintetik vositalar va ularni tayyorlash uchun ishlatiladigan prekursorlarning yashirin laboratoriyalarda ishlab chiqarilishi hamda internet tarmog‘i (narko-do‘konlar) orqali tarqatilishi bo‘yicha normalar yetarli darajada qat’iy emas edi.
Yangi qonunning mohiyati aynan shu bo‘shliqlarni to‘ldirish, Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga hamda boshqa qonunlarga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lganlik uchun javobgarlikni belgilovchi normalarni tizimlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan.
Endilikda nafaqat giyohvandlik vositalari, balki qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Ushbu moddalar bo‘yicha amaldagi jazo choralari ularning zararli oqibatlariga nisbatan ancha yumshoq edi.
Yangi normalar narkotiklarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p miqdorda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek, ularni noqonuniy ravishda har qanday usulda o‘tkazish va shu kabi qator jinoyatlar uchun ham keskin choralar ko‘rishni nazarda tutadi.
Qonunda o‘ta og‘ir turdagi ayrim narkojinoyatlar uchun jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi qo‘llanilmasligi belgilandi. Yanada ahamiyatlisi, voyaga yetmaganlar va talabalarni narkojinoyatlardan himoya qilish maqsadida talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ta’lim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish uchun javobgarlik og‘irlashtirildi.
Voyaga yetmagan shaxsni kuchli ta’sir qiluvchi moddani iste’mol etishga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilandi (amalda esa dastlab ma’muriy, keyin jinoiy jazo qo‘llanilayotgan edi).
Voyaga yetmagan shaxslarni ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlari yoki ularga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Bugungi kunda giyohvand moddalarni chetdan olib kelishdan ko‘ra, mamlakat ichida yashirin laboratoriyalarda tayyorlash xavfi ortgan. So‘nggi 5 yilda 29 narkolaboratoriya aniqlangan.
Qonun bilan g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash alohida jinoyat sifatida belgilandi. Amalda ushbu jinoyat uchun javobgarlik mavjud emas edi.
Qonunda telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda giyohvandlik vositalarini tarqatish yoki targ‘ib qilish og‘irlashtiruvchi holat sifatida kiritildi.
Qonun – jinoyatchilarga berilgan qat’iy ogohlantirish. Mazkur qonun amaliyotga tatbiq etilishi natijasida yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka bo‘lgan moyillikning oldi olinadi. Jazoning muqarrarligi va og‘irligi potensial jinoyatchilarni to‘xtatib qoluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Uyushgan narkojinoyatchilikka jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qarshi kurashish faoliyati mutlaqo yangi bosqichga chiqadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA