Namunali uy olsangu, nuqsoni ko‘p bo‘lsa...
Bugun yurtimiz kundan kunga chiroy ochmoqda. Qad rostlayotgan baland-baland binolaru, zamonaviy uylarni ko‘rib quvonasan kishi. Zamonaviy uylarda yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib esa hayratingiz oshadi.
Ayniqsa, kattalar, bolalarga alohida xonalar, uy bekalari uchun qulay va shinam oshxona kishi havasini keltiradi. Atrofi ham obod, barcha zarur infratuzilma ob’ektlari qishloq ko‘rkiga-ko‘rk bag‘ishlamoqda. Lekin...
Sir emaski, mazkur uylar borasida faqat bir masala o‘ylantiradi.
U ham bo‘lsa, qurilish sifati. Negaki, uylarni qurish jarayonida sifatsiz mahsulot ishlatish, nuqsoni bilan egasiga topshirish kabi holatlar borligini inkor etib bo‘lmaydi.
Bu borada O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham ko‘plab iste’molchilarimizdan murojaatlar kelib tushmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida yashovchi fuqaro G‘.Muhammedov tomonidan kelib tushgan.
Unda iste’molchi, 2019 yilda 160 million so‘m evaziga namunaviy ko‘p qavatli uydan sotib olgan.
Biroq, iste’molchi uyga ko‘chib o‘tgandan so‘ng, xonadonida maishiy va xo‘jalik jihozlari, uskunalarning sifatsizligidan hamda ko‘p qavatli uyning ayrim qurilish montaj ishlari sifatsiz bajarilganligi ma’lum bo‘lgan.
Quruvchi tashkilotga murojaat qilganda esa, hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini aytib o‘tgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida, iste’molchining xonadonida haqiqatdan nosozliklar borligi, xususan, birgina yuvinish xonasining bir qator kamchiliklar borligi, xonadonning elektr montaj ishlari to‘liq bajarilmaganligi, pol qismi ko‘tarilib qolganligi aniqlandi.
Iste’molchi xonadonida aniqlangan kamchiliklar Federatsiya mas’ul xodimlari aralashuvi bilan quruvchi tashkilot «Modernizatsiya maxsus servis» MCHJ rahbari A.Razzoqov tomonidan qisqa muddat ichida bartaraf etilishiga erishildi.