“Namunali maktab” reytingi joriy etiladi
Joriy yilning 1 sentyabrdan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Namunali maktab” reytingi shakllantiriladi va e’lon qilib boriladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 12 maydagi “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, reyting doirasida har o‘quv yili yakunida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar bo‘yicha baholab boriladi.
Buning uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlari rahbarligida maxsus komissiyalar tuziladi hamda ularning xulosalariga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reyting ko‘rsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
Reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
O‘zA