Namunali harbiy oilalar tanlovi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism bo‘linmalarida xizmat qilayotgan harbiy oilalar o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” shiori ostida “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 12 ta namunali oila vakillari ishtirok etdi.
[gallery-16742]
Dastlab ishtirokchilar salomlashuv shartida she’riy ifodalar, qo‘shiq va raqslar orqali o‘zlarini tanishtirgan bo‘lsa, ikkinchi shartda esa kundalik hayotda uchrab turgan turli yot illatlar hamda oilaviy muammolarni sahna chiqishlari, slaydlar yordamida namoyish etishdi. Shundan so‘ng qatnashchilarning ijtimoiy-siyosiy va hayotiy bilim-tafakkurlari sinovdan o‘tkazildi. So‘nggi shartda harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari turli xushta’m mevalardan betakror karvin tayyorladilar.
Hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga asosan, kichik serjant Dilmurod Satipovlar oilasi faxrli 1-o‘ringa loyiq ko‘rilib, “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining keyingi bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi o‘rin III-darajali serjant Muzaffar Omonovlar oilasiga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa kichik serjant Usmonali Dadaboyevlar oilasi qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, tadbir so‘ngida “Ijodkor oila”, “Eng zukko oila” nominatsiyalari bo‘yicha ham munosiblar aniqlanib, tadbir yakunida g‘olib oilalar va tanlov ishtirokchilariga harbiy qism qo‘mondonligi hamda hamkor tashkilotlarning diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA