Namanganlik rassom ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining markaziy ko‘rgazmalar zalida Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, rangtasvirchi rassom Sarvar Yo‘ldoshevning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ekspozitsiyadan rassomning 40 dan ortiq saralangan asarlari o‘rin olgan. Ularda yurtimizning go‘zal manzaralari, xususan, Namanganning maftunkor qishloqlari, vodiyning ko‘z ilg‘amas nafosati aks etgan.
Sarvar Yo‘ldoshev 1985 yil Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, 1999-2003 yillar Namangan tasviriy va amaliy san’at litsey internatida rangtasvir yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. San’atga qiziqishi ortgan Sarvar rangtasvir sirlarini mukammal o‘rganish maqsadida o‘qishni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida davom ettiradi. Institutda u avval akademik Sa’dulla Abdullayev ustaxonasida tahsil oladi, magistratura bosqichini esa, akademik Javlon Umarbekov qo‘l ostida davom ettiradi.
[gallery-1842]
Yosh rassom ijodida obrazlarni lirik aks ettirishni S.Abdullayevdan olgan bo‘lsa, J.Umarbekovdan mavzularning shartliligi, kompozitsiya uslubiyligini o‘rgangan. Shunday bo‘lsada, Sarvar Yo‘ldoshev o‘ziga xos yo‘nalishni topishda izlanayotganligini ijodi orqali namoyish etmoqda.
Ko‘rgazma 12 aprelga qadar davom etadi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA