Namangandan Sharja shahriga ilk parvoz
Prezidentimiz raisligida shu yilning 19 sentyabr kuni mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizdagi hududlararo hamda xorijiy davlatlarga aviaqatnovlarni qo‘lga qo‘yish borasida topshiriqlar berilgan edi.
Namangan xalqaro aeroporti rahbariyati tomonidan mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash, qolaversa, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, turizm va ziyorat uchun qulay bo‘lgan mamlakatlarga yangi aviareyslarni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan qisqa fursatda vodiyning asosiy havo darvozasidan uchgan samolyotlar Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Ummon kabi mamlakatlarga parvozlarni amalga oshirdi.
Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklarining “Air Arabia” aviakompaniyasi bilan hamkorlikda “Sharja – Namangan – Sharja” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-9779]
Ro‘yxatdan o‘tish oldidan Namangan xalqaro aeroporti direktori hamda “Air Arabia” aviakompaniyasi mutasaddilari qizil lenta kesib, ramziy ma’noda Namangan – Sharja yo‘nalishidagi ilk parvozga start berdi. An’anaga muvofiq havo kemasi aeroportda sun’iy suv arkasi hosil qilinib, karnay-surnay sadolari ostida tantanali kutib olindi.
Birinchi reysda 170 nafar yo‘lovchi “A-320” rusumli havo kemasida Namangandan Sharja shahriga jo‘nab ketdi. Umumiy hisobda 18-xalqaro qatnov sanalgan “Sharja – Namangan – Sharja” yo‘nalishidagi aviaqatnovlar haftada uch marta – dushanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi arab davlatlariga aviayo‘nalishlarning oshishi Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan Haj va Umra ziyoratlariga yo‘l oladigan hamyurtlarimiz uchun bir qator qulayliklarni yaratishi bilan muhim ahamiyatga egadir.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA