Namangandagi xalqaro gullar festivali Ginnes rekordlar kitobiga kirdi
Namangan shahrida o‘tkazilayotgan 65-xalqaro gullar festivali doirasida dunyo miqyosidagi tarixiy natija qayd etildi. “Jamoaviy holatda eng ko‘p gul ekish” yo‘nalishi bo‘yicha yangi jahon rekordi o‘rnatilib, festival rasman Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi.
Ushbu ulkan natijaga erishish maqsadida bayramga tayyorgarlik jarayonlarida Namangan viloyati bo‘ylab 29 million 600 mingdan ziyod gul ko‘chatlari ekilib, shahar va tumanlar go‘zallik va nafosat maskaniga aylantirildi. Bu ko‘rsatkich mazkur yo‘nalishdagi mutlaq jahon rekordi sifatida e’tirof etildi.
Tantanali marosimda Ginnes rekordlar kitobi sertifikati Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqovga topshirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi xalqaro gullar festivalida dunyoning 50 dan ortiq davlatidan mehmonlar ishtirok etmoqda. Festival doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar va turli xalqaro anjumanlar tashkil etilgan.
1961-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Namangan gullar festivali bugun nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik va nufuzli sayyohlik hamda madaniy tadbirlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cnib6ZjtdyA" title="Namangandagi xalqaro gullar festivali Ginnes rekordlar kitobiga kirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tohir Tursunov, O‘zA