Namanganda xalqaro trening o‘tkazildi
20-21 iyun kunlari BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida qishloq ayollari uchun sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha trening o‘tkazdi.
Ilg‘or texnologiyani o‘zlashtirish, ta’lim va maslahat xizmatidan foydalanish ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan tadbir ishtirokchilari imkoniyati cheklangan kishilar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami orasidan tanlab olingan.
Mazkur o‘quv mashg‘uloti BMTning “O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara oldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Tashkilotchilar asosiy e’tiborni Farg‘ona vodiysidan o‘tuvchi chegaraning har ikki tomonida qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish orqali yaxshi qo‘shnichilik munosabatini mustahkamlash, chegara hududlarida ayollar va yoshlar imkoniyatini kengaytirishga qaratishgan.
Qayd etish kerak, chorvachilik Namangan viloyati chegaradosh hududlari aholisi uchun muhim daromad manbai hisoblanadi. Sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha trening O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi hamkorligida uyushtirildi.
– Sog‘in sigirni to‘g‘ri parvarish qilish, sut mahsulotlarini qabul qilishda sanitariya-gigiyena me’yoriga rioya qilish, yirik va mayda shoxli qoramollarni kasallikdan himoya qilish soha mahsuldorligiga, oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, – dedi uyushma rahbari Adiba Ahmadjonova. – Qo‘shimcha bilim qishloq ayollariga mavjud resurslardan yanada samarali foydalanish, bandlik masalasini hal etish imkonini beradi.
FAO ma’lum qilishicha, mashg‘ulotda 50 nafar ayol ishtirok etdi. Mutaxassislar tomonidan chorva kasalliklarining oldini olish, samarali ozuqa ratsioni tuzish, sutni uyda saqlash va qayta ishlash qoidalari o‘rgatildi.
O‘zA