Namanganda sud sohasi faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi
Yurtimizda qay bir sohada bo‘lmasin, faxriylarni e’zozlash, ularga ehtirom ko‘rsatish ezgu qadriyatga aylangan. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ushbu ezgu an’ana yanada keng quloch yozdi. Namangan viloyati sudi tomonidan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham uzoq yillar elu yurtga xizmat qilgan nuroniylar va sud faxriylarini birlashtirdi.
Chortoq tumanidagi so‘lim maskanda bo‘lib o‘tgan tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, mehnat faxriysi Botirali Hakimov, sud faxriylari va sudyalar ishtirok etdilar. Mehmonlar dastavval “Koroskon tarixiy muzeyi”ni aylanib, qadimiy eksponatlar, o‘tmishdan so‘zlovchi osori-atiqalar, ko‘hna kitoblar bilan tanishdi.

Viloyat sudi raisi Alisher Usmonov barcha faxriylarni bayram bilan muborakbod etdi. Namangan viloyatida sudlar tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Moziyga bir nazar...” nomli kitob-albom taqdimoti o‘tkazilib, mazkur kitobda keltirilgan tarixiy manbalar va shaxslarning sud tizimidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda sud idoralari hamda sudyalarga qaratilayotgan e’tibor, bu jarayonlarda ayniqsa, tizimda ko‘p yillar mehnat qilgan faxriylarni qo‘llab-quvvatlash borasida ijobiy ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilgan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni joriy etilgani ham ushbu fikrlarning yaqqol tasdig‘idir.

Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida soha fidoyilari Mahmudjon Qurbonov hamda Fayzulla Jalilov “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimi Chortoq tumanida o‘tkazilishining ham o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Zero, bundan 43 yil muqaddam Mahmudjon Qurbonov aynan shu tuman sudida faoliyat olib borib, odil sudlovni ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shgan. Shu bois ham sud faxriysiga ko‘krak nishonini o‘sha vaqtda tuman rahbari bo‘lgan Botirali Hakimov topshirdi.

Tantanali tadbirda shuningdek, ko‘p yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borib, o‘nlab shogirdlar tarbiyalagan, ayni kunlarda qutlug‘ 50 yoshni qarshi olgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudining arxiv mudiri Diloromxon Rahimovaga Oliy sud raisining faxriy yorlig‘i va viloyat sudi raisining tabriknomasi topshirildi.
Sud faxriylariga e’zoz va ehtirom ko‘rsatilib, ularning har biriga sudlar tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Moziyga bir nazar...” nomli kitob-albom hamda esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri