Namanganda kitobxonlik haftaligi boshlandi
O‘sib kelayotgan yosh avlodning aql zakovatli bo‘lishida kitobning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Butun mamlakatimiz bo‘ylab boshlangan “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Respublika “Kitobxonlik haftaligi” ham aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, Namanganda viloyat hokimligi, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan tashkil etilayotgan kitobsevarlar bayramining ochilishida davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, viloyat, shahar va tuman axborot kutubxona markazlari mas’ullari, kitobsevar yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxonasi markazida bo‘lib o‘tgan haftalikda, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, “El yurt hurmati” ordeni sohibi Ziyoviddin Mansurov, viloyat axborot kutubxona markazi direktori Mavluda Jo‘raboyeva xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongi, tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ertamiz egalarini Vatanga muhabbat tuyg‘usi bilan tarbiyalashda o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi.

– Kitob – ma’naviy xazina, shaxs kamolotida muhim o‘rin tutuvchi vosita. Insoniyatning buyuk kashfiyotlaridan hisoblangan kitob bilimlar manbai, dunyoni bilish va o‘zlikni anglashga olib boruvchi mayoqdir. Shu boisdan ham jamiyatimizda kitobxonlikka alohida e’tibor beriladi, tarixiy kutubxonalarga hurmat bilan qaraladi, – deydi taniqli shoir Ziyoviddin Mansurov. – Binobarin, davlatimiz rahbarining farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasining tegishli bandida o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirish vazifasi belgilangan. Bunda, ayniqsa, kitobxonalik haftaligi kabi tadbirlar ta’sirchanligi ustuvorlik kasb etadi. Zotan, kitob va kitobxonlik yosh avlod tarbiyasida ahamiyati katta.
Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda 2019 yil 7 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda dasturilamal bo‘lmoqda.

Haftalik davomida “Noshirdan o‘quvchiga” kitoblar ko‘rgazmasi, “Ilm – adolat mezoni” shiori ostida yosh olimlar bilan muloqot, “Kitobxon onalar” klubi a’zolari ishtirokida uchrashuv, “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili”ga bag‘ishlab, o‘quvchilar o‘rtasida “Tabiatni asrash – muqaddas burch” tanlovi, “Tezkor savollarga tezkor javoblar” mavzusida kitobxonlar marafoni, “Kutubxonaga qo‘lingni cho‘z” xayriya aksiyasi, “Kitob – tafakkur xazinasi” shoiri ostida ma’naviyat soati”, jadidlar merosini chuqur o‘rganishga qaratilgan “Turkiston xalqining milliy qahramonlari” so‘rovnomasi o‘tkaziladi.

“Kitobxonlik haftaligi” nafaqat ziyo maskanlari, balki mehnat jamoalari va mahallalarda ham keng quloch yozib, unda kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan yarmarkalar, aksiyalar, davra suhbatlari, taqdimotlar hamda turli tanlovlar tashkil etiladi. Kitob va yoshlar o‘rtasida o‘ziga xos ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘taydigan “Kitobxonlik haftaligi” 27 aprelga qadar davom etadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA