Namanganda ilk reys amalga oshirildi
Keyingi yillarda mamlakatimizda tashqi va ichki turizm, ayniqsa, ziyorat turizmni keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada havo transportida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi xususiy sektor vakillari tomonidan qator amaliy sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
“Qanot Sharq” aviakompaniyasi ayni shu maqsadda vodiyning asosiy havo darvozasi sanalgan Namangan xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistonining Jidda shahriga birinchi parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Mazkur aviakompaniya hozirga kunga qadar arab mamlakatiga aviareyslarni Toshkent shahridan bajarib kelgan. “Namangan-Jidda-Namangan” yo‘nalishidagi reys haftada ikki marta, yakshanba va seshanba kunlari amalga oshiriladi.

Muntazam qatnovlar soni aholining talab va takliflari asosida oshib bormoqda. Aviakompaniyaning “Airbus 321” rusumli havo kemasi Namangan shahridan Jidda shahriga muqaddas Umra ziyoratini ado etish maqsadida yo‘lga otlangan 193 nafar yo‘lovchini olib parvoz qildi. 14 kunlik safar tugagach ziyoratchilar xuddi shu reysda Namanganga qaytib kelishadi. Yurtimizda ziyorat turizmiga keng yo‘l ochilgani, xususan Saudiya Arabistoniga viza tartibi soddalashtirilgani natijasida aviakompaniyalar tomonidan maqsadli manzillar bo‘ylab reyslar qamrovi kengaymoqda.

Bundan avval “CentrumAir” aviakompaniyasi “Namangan-Jidda-Namangan” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri birinchi parvozni yo‘lga qo‘ygandi. – Yoshim 57da. Bugungiday yorug‘, inson qadri chin ma’noda ulug‘lanayotgan damlarni anchadan beri kutgandim. Oldinlari moddiy imkoniyatim bo‘lishiga qaramay ulug‘ safarlarga chiqish mashaqqatli kechgan.

Prezidentimiz tashabbusi hamda Saudiya Arabistoni qirolligi bilan olib borgan muzokaralari natijasida Haj va Umra ziyoratlariga keng yo‘l ochildi, – deydi Namangan viloyatining Norin tumanidagi Bo‘ritepa mahallasida yashovchi tadbirkor Baxtiyor Akbarov. – Bunday imkoniyatlarni olti-yetti yil avval hech kim o‘ylamagan. Hozir esa dillarda shukronalik tuyg‘ularini his etgan holda ko‘plab vatandoshlarimiz qutlug‘ ziyoratlarni ado etish baxtiga muyassar bo‘lmoqda.


Bugungi kunda yo‘lovchilar uchun Namangan xalqaro aeroportidan Rossiya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Ummon, Birlashgan Arab Amirliklari singari o‘nga yaqin mamlakatning 20ga yaqin shaharlariga sifatli aviaqatnov xizmati ko‘rsatilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA