Namanganda ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi
Namangan viloyati tibbiyoti tarixida ilk bor jigar ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Mazkur amaliyot Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan viloyati filialida Milliy tibbiyot markazi transplantologiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori A’zamjon Bobojonov boshchiligidagi malakali shifokorlar guruhi tomonidan amalga oshirildi.
Uchqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 40 yoshli bemorga jigar sirrozining dekompensatsiya bosqichi tashxisi qo‘yilgan. Bemorning salomatligini tiklash maqsadida jigar transplantatsiyasini o‘tkazish zarurati yuzaga kelgan. Uning singlisi donor bo‘lishga rozilik bildirib, jigarining bir qismini berishga qaror qilgan.
Shifokorlarning yuqori malakasi, o‘zaro hamjihatligi va sa’y-harakatlari natijasida murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi.
E’tiborlisi, operatsiya bilan bog‘liq barcha xarajatlar “Vaqf” fondi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanib, bemorga tibbiy yordam bepul ko‘rsatildi.
Mazkur jarrohlik amaliyotining viloyatda ilk bor o‘tkazilgani hududda yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, murakkab operatsiyalarni mahalliy tibbiyot muassasalarida amalga oshirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-32250]
Bu kabi tibbiy amaliyotlar hududlarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam imkoniyatlarini yanada kengaytirish, aholining zamonaviy davolash usullaridan foydalanishi uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA