Namanganda daraxt ekish aksiyasiga start berildi
Kuz mavsumida mamlakatimizda shaharu qishloqlar goʻzalligiga koʻrk bagʻishlovchi koʻchat ekish ishlar boshlandi. Xususan, Namangan shahridagi Islom Karimov koʻchasida, “Afsonalar vodiysi” bogʻi oldidagi chorrahada ommaviy daraxt ekish aksiyasi oʻtkazildi.
Kuz mavsumida mamlakatimizda shaharu qishloqlar goʻzalligiga koʻrk bagʻishlovchi koʻchat ekish ishlar boshlandi. Xususan, Namangan shahridagi Islom Karimov koʻchasida, “Afsonalar vodiysi” bogʻi oldidagi chorrahada ommaviy daraxt ekish aksiyasi oʻtkazildi.
Viloyat hokimligi tashabbusi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida “Sogʻlom ekologiya – sogʻlom avlod” shiori ostida tashkillangan eko-tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari jamul-jam boʻldilar.

Bundan oʻn yillar avval mahalliy hokimlik mutasaddilari tomonidan Namangan shahridagi dov-daraxtlar kesilib, viloyat markazi tabiatning ajoyib manzaralaridan deyarli mosuvo boʻlgandi. Oʻsha xatolarni oʻnglash vaqti kelib, xayrli saʼy-harakatlarga qoʻl ura boshlandi.
Qolaversa, Namangan shahrini nomiga mutanosib tarzda “Gullar shahri”ga aylantirish ham zarur. Viloyat va shahar faollari kelasi yilda 60-bor oʻtkazilishi koʻzda tutilgan anʼanaviy Xalqaro gullar festivaliga tadorikka hozirdanoq kirishmoqdalar.

Tadbirda ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov sektor rahbarlari hamrohligida ekilishi rejalashtirilgan daraxtlar koʻrgazmalari hamda Namangan shahrining eko landshaft loyihalari bilan tanishdi.
- Hozirga qadar shahrimizga faqat archa daraxtlari ekilgan, biroq ular ham soya-salqin bermadi. Aynan shuning uchun ham koʻchalarimizga chiroyli, manzarali daraxtlarni oʻtqazishda oʻzimizning mahalliy oʻrmon xoʻjaligida yetishtirilgan koʻchatlarni ekamiz, - dedi viloyat rahbari.

Qayd etish joiz, daraxt ekish aksiyasi doirasida viloyat boʻyicha 27 turdagi jami 67 ming 500 dona koʻchat oʻtqaziladi. Ulardan 12 turdagisi yaproqbargli, shuncha turdagisi butasimon va 3 turdagisi ignabargli koʻchatlardir.
Buning uchun mahalliy byudjetdan 10 milliard 500 million soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan 3 milliard 100 million soʻmi Namangan shahridagi koʻkalamzorlashtirish ishlariga sarflanadi.

Darvoqe, butun viloyat miqyosida noyabr oyi davomida oʻtkaziladigan “Yurtimizni yashnataylik” aksiyasi doirasida birgina Namangan shahrining oʻzida obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 17 mingdan ortiq daraxtlar ekish koʻzda tutilgan.
Namangan viloyatida boshlangan ushbu ezgu tashabbuslar eng avvalo, ekologiya va atrof-muhitni yaxshilash, daraxtlar sonini koʻpaytirish natijasida atmosfera havosini tozalash, ekologik muammolarni haminqadar bartaraf etishga xizmat qiladi.
