Namanganda bosma nashrlarga e’tibor zarur
Namangan viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan intervyusining mazmun-mohiyati shahar va tumanlarda, mehnat jamoalarida qizg‘in o‘rganilmoqda.
Xususan, Nodirabegim nomidagi viloyat axborot kutubxona markazida bosma va elektron media tuzilmalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusidagi davra suhbati ham davlatimiz rahbarining matbuotdagi ilk chiqishidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarga bag‘ishlandi.
Davra suhbati avaalida Namangan viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisining o‘rinbosari Xolmurod Salimov Prezidentimizning gazeta bosh muharriri savollariga bergan javoblarida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz bergan ulkan o‘zgarishlar aks ettirilganligi haqida so‘z yuritdilar.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 17 avgust kuni chop etilgan “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” sarlavhali mazkur intervyuda yurtimizning so‘nggi besh yillikdagi taraqqiyot yo‘li, ichki va tashqi siyosati, bugungi kunning ustuvor vazifalar o‘z ifodasini topgan.
Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston”ning barpo etish g‘oyasi, uning tarixiy asoslari, bu yuksak marraga erishish yo‘lidagi muhim jihatlar, “Uchinchi renesans” poydevorini yaratishda oldimizda turgan vazifalar qayd etilgan. Belgilangan maqsadlar ijrosi albatta, bu katta safarbarlik ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokisiz bo‘lmaydi.

Ayni shu jarayonda viloyatdagi matbuot nashrlari, xususan viloyat, tuman va shahar hokimliklarining davriy nashrlarining bugungi obunasini maqtagudek bo‘lmaydi. Aksariyat muassislar, ya’ni hokimliklarning yetarli darajada e’tibor qaratmaganliklari sababli gazetalarning adadi oldingi yillarga qaraganda keskin darajada tushib ketdi. bugungi kunda, viloyat nashrlari “Namangan haqiqati”ning adadi atigi 1468, “Namanganskaya pravda” gazetasining adadi esa atigi 600 nusxada chop etilayotganini qanday izohlash mumkin?..
Qolaversa, Ishoqxon Ibrat nomidagi sobiq viloyat bosmaxonasining inqirozga yuz tutgani oqibatida bosmaxona binosi tadbirkorlarga sotib yuborilganligi, ayni paytda bu yerda qurilish ishlari amalga oshirilayotgani sababli bosmaxon va tahririyatlar binosi tutashib ketgan viloyat “Matbuot uyi”ning ayni kezda abgor holga kelib qolganligi tashvish bilan tilga olindi.
“Shifokor va hayot” gazetasi muharriri Abdullajon G‘oziyev, “Mingbuloq” tuman gazetasi muharriri Qosimjon Akbarov, matbuot nashrlarining faol jamoatchi muxbiri, tarixchi-publitsist Baxtiyor Ishoqovlar tomonidan bildirilgan mulohazalar ishtirokchilarning faol muloqotiga asos bo‘ldi. “Namangan haqiqati”, “Namanganskaya pravda”, “Yoshlar nigohi” gazetalari muharrirlari Akramjon Sattorov, Odiljon Inomov, Nilufar Niyozova va boshqalarning gazeta-jurnallar o‘qishliligini ta’minlash, jurnalistlarning moddiy ta’minoti va ijtimoiy himoyalanishini mustahkamlash, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish lozimligit bo‘yicha bildirgan takliflari qo‘llab-quvvatlanishit aytib o‘tildi.
Davra suhbatida shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida Prezidentimiz Farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar namanganlik hamyurtlar qatorida jurnalist-ijodkorlarning ham borligi faxr bilan e’tirof etildi.
Tadbirda “Mening yurtim” telekanali muxbiri , “Yosh jurnalistlar maktabi” nodavlat tashkiloti ta’sischisi Temurmalik Vohidovning “Kelajak bunyodkori” medali hamda shoir, publitsist Ziyoviddin Mansurovning “El-yurt hurmati” ordeniga munosibliklari ta’kidlandi. Davlat mukofoti sohiblari hamda sohada ibratli faoliyat yuritayotgan bir qator jurnalistlarga uyushma faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, mustaqillik bayrami munosabati bilan faxriy jurnalistlarni yo‘qlash, ularning holidan xabar olish singari qadriyatga aylangan xayrli ishlarga ham qo‘l urildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisining o‘rinbosari Xolmurod Salimov, uyushmaning Namangan viloyati raisi Nosirjon Dehqonov matbuot sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan tabarruk yoshli jurnalist –O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Ermamat Nurmatov, jurnalistik faoliyati davomida badiiy ijodning nasr yo‘nalishi bo‘yicha muhtasham asarlar yaratgan hajvchi Abdug‘ani Abduvaliyev, jurnalist, tarjimon va adib, akademik Rustamjon Ummatovlar xonadonida bo‘lib, hamkasb va shogirdlarning bayram tabriklarini yetkazdilar. Qisqa, ammo sermazmun muloqotlar hikmatlarga boy xulosalarni o‘rtoqlashish asnosida kechdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA