Namangan gullar mamlakatiga aylangan (+video)
Sarlavhadan taajjublanmang. Negaki, Namangandagi xalqaro gullar festivaliga nisbat berishda “shaharni go‘zalikka burkangan” deya ta’riflamoqdalar va bu haqiqat. Lekin may-iyun oylarida viloyatning barcha shahar-tumanlari, qishlog‘u mahallalarida ochilib turgan turfa xil gullar dilingizni yayratadi. Ularning ifori olamni tutgandek, bo‘ladi. Beixtiyor Namangan gullar mamlakatiga aylanibdimi, deb yuborasiz.
Darhaqiqat gulchilik Namangan nomini olamga yanada kengroq tanitdi. 21 may kuni boshlangan bayramga bugungacha 40 dan ziyod mamlakatdan 100 ming xorijiy sayyoh, mamlakatimiz viloyatlaridan esa 5 milliondan ziyod gul shaydolari kelishdi. Avtomobillar saf tortib shahar aylanganda, har kecha Bobur bog‘i va Afsonalar vodiysi amfiteatrlari, maydonu-stadionlarda O‘zbekiston hamda Turkiya san’at ustalari ommaviy sahnalarda kuylashganida odamlar hayot quvonchi, baxt nashidasi, go‘zallik lazzatini chuqurroq his qildilar.

Agar 2022 yilda 22-25 million tup gul ko‘chati ekilgan bo‘lsa, bu yil Bobur bog‘iga 20 million, ko‘cha va hiyobonlarga 10 million hamda Afsonalar vodiysiga 10 million, jami 40 million gul ekildi.
Namanganning har bir qarich yeri tuman, korxona-tashkilot, gul ishqibozlari tomonidan bo‘lib olindi. Ular o‘zlarining ramzlari tushirilgan landshaftni yaratdilar. 20 ta professional gulchi mutaxassis rahbarligida 500 nafar obodonchilik idorasi xodimlari yordamida takrorlanmas manzaralarni yuzaga keltirishdi.

Aslida bugungi go‘zalikka ikki-uch yil avval zamin yaratilgandi. Namangan shahri yaqinidan 16 gektar maydon gulchilik plantatsiyasi uchun ajratilib 52 nafar gulchiga issiqxona qurish, gul o‘stirishga deya berildi. Natijada shu “gullar fabrikasi”ning o‘zida bu yil 50 million tup sara, noyob gullar yetishtirildi.
–Mart oyida Qoraqalpog‘istonga 3 mln. tup gul berdik, - deydi gulchilik markazining rahbari Qodirov Obidxon. –Keyin Xorazm, Buxoro, Farg‘ona, Andijon viloyatlariga yubordik. Bizda ilmiy laboratoriya bo‘lib, o‘zimizdagi navlar va chet el urug‘laridan yangi navlar yaratdik. Agar 2022 yilda 50 xil gulimiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir ular soni 65 xilga yetdi.

Namangan, xalqaro gul bayramiga atayin bir necha mamlakat sayyohlari kelishdi. Xitoy, Eron, Daniya, Gollandiya.... shu kunlarda yaponiyaliklar Namanganda.
–O‘zbekiston, Namanganda iqlim issiq va bu yerda gulzorlar yaratish mumkin emas, deb o‘ylagandik. Bir so‘z bilan aytsak, hayratdamiz, - deydi yaponiyalik ekspert Xana Mura Makato.

–Yaponiyada ham Xanomi festivali o‘tkaziladi. O‘shanda yaponlar sakura daraxti gullarini tomosha qilishadi. Ammo Namanganning hamma yeri gulga burkangan. Cholg‘u asboblari, tarixiy binolar, o‘rmon hayvonlari maketlarini guldan shu qadar mohirona usulda yaratishibdiki, qoyil qolmay ilojing yo‘q, - deydi Sakkai Massayuki.
Namangan jurnalistlarni ham maftun qildi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi tashabbusi bilan 30 nafar qalam ahli gul bayramida ishtirok etib, Bobur bog‘i, Afsonalar vodiysi, ko‘cha va maydonlarda bo‘ldilar. Viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuritdinov, viloyat ommaviy axborot vositalari rahbar va vakillari bilan gul bayrami tarixiga oid qiziqarli muloqotlar bo‘ldi.
Namanganga Siz ham keling, sarxil gullar iforidan bahramand bo‘ling.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fnWKNkH8enU" title="NAMANGAN GULLAR MAMLAKATIGA AYLANGAN" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov.