Namangan dalalarida paxta chaman ochildi
Namangan viloyati Mingbuloq tumani bobodehqonlari joriy yildagi “oq-oltin” mavsumiga har qachongidan-da puxta hozirlik ko‘rdi. Erta bahorda 10 ming 900 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, azamat paxtakorlar tomonidan 47 ming tonnadan ziyod paxta xirmonini yaratish uchun astoydil mehnat qilinmoqda.
E’tiborlisi, tumandagi Amir Temur nomli MMTP hududidagi “Oybek Diyor Tursunboyevichlar” fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydonlarida Farg‘ona vodiysida birinchilardan bo‘lib paxta chamanday ochildi.

Mingbuloq tumani hokimi Ahrorbek Mansurov qishloq xo‘jaligining ilg‘or mutaxassislari hamrohligida mazkur jarayon bilan tanishib, hosil holatini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, paxta yetishtirishda mehnat qilayotgan fermerlar bilan suhbat qurilib, ularning taklif va fikrlari tinglandi.


Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili paxta hosilini yetakchilar qatorida yetishtirgan Mingbuloq tumani omilkor dehqonlari joriy yilda Namangan viloyatida karvonboshi sifatida zafar marrasini zabt etishga astoydil bel bog‘lashgan. Bu borada shartnomaviy rejani bajarishi hadisini olgan “Baxtiyor Abdusalomovich”, “Fayzimuhammad ota Ch”, “Mingbuloq lochini”, “Beshserka porlog‘i”, “Porloq oltin chashmasi”, “Pirmatov Nurmamat”, “Oybek Diyor Tursunboyevichlar” kabi fermer xo‘jaliklari alohida tashabbus ko‘rsatishlari shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA