Nafs onani jinoyatga yetakladi
Oramizda ayrim bemehr, beshafqat, firibgar kimsalar borki, ularning qilmishini ko‘rib, hayratga tushasan kishi. O‘z dilbandini sotib, turli orzu-havaslariga erishmoqchi bo‘lgan onalar ona degan yuksak nomga qanchalik loyiq?! Yoxud o‘z nafsi yo‘lida odam savdosidek og‘ir jinoyatga qo‘l urib, norasida go‘daklarni pullaydigan firibgarlarni inson deyish mumkinmi?!
Shahrisabz tumanida tug‘ilgan, Chiroqchi tumanida istiqomat qiluvchi Gulilaylo (ismlar o‘zgartirilgan) 2020 yil oktyabr oyida Shahrisabz tumani Soy qishlog‘ida yashovchi Nasiba bilan tanishadi. Gulilaylo Nasibaning uyida yashab kelgan. Nasiba 2021 yil fevral oyida Gulilayloning homilador bo‘lib qolganini bilib, u bilan homilasini tuqqanidan keyin farzandini sotib, daromad olishga o‘zaro jinoiy til biriktiradi. Bola tug‘ilishiga qadar farzand ko‘rmagan va chaqaloq sotib olish niyatida bo‘lgan odamni qidirib topishni o‘z zimmasiga oladi.
Kunlar o‘tib, 2021 yil 16 noyabr kuni Gulilayloning ko‘zi yorib, o‘g‘il farzand ko‘radi. Ikkala ayol til biriktirib, uni sotish uchun birgalashib xaridor qidirishadi. Bu holat bo‘yicha olingan tezkor ma’lumotga asosan, 2021 yil 17 dekabr kuni soat 20:00 larda Qashqadaryo viloyati IIB, Yakkabog‘ tumani IIB va DXX Shahrisabz shahar bo‘limi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Gulilaylo voyaga yetmagan bir oylik chaqalog‘ini Yakkabog‘ tumani “Oqtosh” MFY hududida joylashgan “Oqtosh” oilaviy restoranida fuqaro Gulnora Qobilovaga sotayotgan vaqtda ushlanadi. Ona o‘z farzandini “chaqaloq xaridori”ga 70 million so‘mga sotishga kelishib, shundan 50 million so‘mini olayotgan bo‘lgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bu holatning oldini olib, ish tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Sudlanuvchi ona o‘z shikoyatida Nasibaning kirdikorlari yuzasidan vaqtida murojaat qilmaganidan pushaymonligini, farzandini o‘ziga qaytarib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan. Nasiba ham sodir etgan jinoiy harakatlariga iqror va pushaymonligi, qaramog‘ida 3 nafar farzandi borligi, oilaviy ahvoli og‘irligi, qizi og‘ir xastalikka chalingani, oilada yagona boquvchi ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, sodir etgan harakatlarining oqibatini tushunib yetganligini bildirgan va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud badbaxt ona Gulilayloga JKning 57-moddasini qo‘llab, 3 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Firibgar Nasibaga esa aybiga iqror va pushaymon, oilada yagona boquvchi ekanligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan JKning 57-moddasiga asosan tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini 5 yilga keltirgan.
Bola oldi-sottisiga oid bu kabi jinoyatlar, afsuski, uchrab turadi. O‘zining jigarbandini pullaydigan nafs giriftorlari kechirilmaydi. Jinoyatga esa jazo muqarrardir.
Homid Boboqulov,
Qashqadaryo viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi
O‘zA