Nafosat va go‘zallik bayrami
Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi va “Happy Saravan” xalqaro turniri boshlandi
Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi va “Happy Saravan” xalqaro turniri boshlandi
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi tomonidan Xalqaro gimnastika federatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur musobaqalarda O‘zbekiston, AQSh, Belarus, Janubiy Koreya, Ispaniya, Isroil, Malayziya, Polsha, Rossiya, Xitoy, Estoniya, Yaponiya, Qozog‘iston, Armaniston kabi davlatlardan gimnastikachilar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida qizlarni sportga jalb etish, ularga mos sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi. Qiz bolalarni sportga jalb etish ko‘rsatkichi 2005-yilda 24 foizni, jumladan, qishloq joylarda 22 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda qiz bolalarning 47 foizi, qishloq joylarda 44,7 foizi sport bilan muntazam shug‘ullanib kelayotir. Qizlarni sportga qiziqtirish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida ayol murabbiyalar tayyorlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sog‘lom ona va bola yilida bu boradagi ishlar yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi. Zero, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qizlarning salomatligini mustahkamlash, ularning jismonan va ma’nan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashdir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, qiz bola sog‘lom va baxtli bo‘lsa, u quradigan oila ham, uning mevasi bo‘lmish bola ham sog‘lom va baxtli bo‘ladi. Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, butun jamiyat baxtli va farovon bo‘ladi.
Badiiy gimnastika bilan shug‘ullanuvchi qizlar soni keyingi besh-olti yilda keskin oshgani quvonarlidir. Nafosat, nazokat va go‘zallik timsoli bo‘lgan ushbu sport turi qizlarning jismonan sog‘lom, irodasi mustahkam, didi va dunyoqarashi yuksak insonlar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi tomonidan barcha viloyatlarda federatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, muntazam o‘tkazib kelinayotgan hududiy va respublika musobaqalari iqtidorli sportchilarni aniqlash, mamlakatimizda gimnastikani yanada ommalashtirish imkonini bermoqda. Ana shunday musobaqalarda chiniqqan sportchilarimiz jahon va qit’a chempionatlarida, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida, nufuzli turnirlarda munosib ishtirok etmoqda.
Xalqaro gimnastika federatsiyasi musobaqalar taqvimidan joy olgan Jahon kubogi bosqichi poytaxtimizda yettinchi marta o‘tkazilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, mamlakatimizning yuksak sport salohiyati, mustahkam moddiy-texnik baza, yaratilgan shart-sharoitlar, to‘plangan boy tajriba tufayli yurtimizda har qanday yirik sport tadbiri yuqori saviyada o‘tkazilishi xalqaro sport jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etiladi. Mazkur musobaqa jahon gimnastika osmonida yangi yulduzlarni kashf etish barobarida, tajribaga ega sportchilarning mahoratini oshirishda katta maktab vazifasini o‘tamoqda. Bu yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan ushbu musobaqa gimnastikachilar uchun muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Jahon kubogi bosqichi doirasida tashkil etiladigan an’anaviy “Happy Saravan” xalqaro turniri gimnastika olamiga endi kirib kelayotgan yosh nafosat malikalari uchun tom ma’noda katta sport bayramiga aylanadi.
Ushbu musobaqalarda bu yil yuzdan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Jahon kubogi bosqichining shaxsiy bahslarida Yelizaveta Nazarenkova va Anastasiya Serdyukova, guruh bahslarida Samira Amirova, Valeriya Davidova, Luiza G‘aniyeva, Zarina Qurbonova, Marta Rostoburovadan iborat jamoamiz Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. “Happy Saravan” xalqaro turnirida Asal Ikromova, Aide Gasanova, Lola Zokirova, Milana Tyan, Aleksiya Kiselyova va Nuriniso Usmonova kabi yosh gimnastikachilarimiz ishtirok etmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev ishtirok etdi.