“Muvaffaqiyatli islohotlar – yuqori natijalar”
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan maktab direktorlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, maktablar o‘quv dasturini takomillashtirish hamda unga raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha hamkorlik aloqalarni o‘rnatgan.
Hamkorlik doirasida Singapur “Marshall Cavendish Education” ta’lim tashkilotining 16 nafar eksperti tomonidan joriy yilning 10-14 iyun kunlari 100 nafar maktab direktori va 60 nafar hududiy koordinator uchun liderlik va o‘zgarishlarni boshqarish bo‘yicha trening kurslari olib borildi. Shuningdek, 8-12 iyul kunlari 200 nafar master-trener (matematika va tabiiy fanlar (Science) o‘qituvchilari va metodistlari) va 60 nafar koordinator uchun 5 kunlik xalqaro darajadagi seminar-treninglar tashkil etildi.
[gallery-18621]
Mazkur tadbirning davomi sifatida joriy yilning 5 avgustida Pedagogik mahorat markazida “Muvaffaqiyatli islohotlar – yuqori natijalar” mavzusida seminar-treninglar o‘z ishini boshladi.
–9 avgust kuniga qadar davom etadigan mazkur tadbirda viloyatdan tanlangan 26 nafardan ortiq tajribali maktab direktori hamda 110 nafarga yaqin matematika va tabiiy fanlar yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi pedagog ishtirok etadi, –deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hidoyat Jumayeva.
Endilikda mazkur kurslar “kaskad” usulida tuman va shaharlar hamda maktablar darajasida davom ettiriladi.
Ma’lumot uchun: Singapur davlati ta’limga oid nufuzli tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lib, ta’limga sarmoya kiritish, inson kapitalini rivojlantirishga e’tibor qaratish orqali mamlakat taraqqiyotiga erishgan davlat sifatida e’tirof etiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari