Mustaqillikning 35 yili — bunyodkorlik va birdamlik timsoli
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu ezgu jarayonlar Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida ham xalqimizning birdamligi, fidokorona mehnati va Vatan taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usi bilan uyg‘un holda yuksak sur’atlarda davom etmoqda.
Bugun tumanning barcha mahallalarida Mustaqilligimizning 35 yilligini munosib kutib olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar aholi uchun yanada qulay va obod hayot muhitini yaratishga, hududlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirishga hamda inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilmoqda.


Jumladan, mahallalarda ko‘chalar va jamoat maskanlari obodonlashtirilmoqda, ariq hamda zovurlar tozalanib, sanitariya holati yaxshilanmoqda. Yashil hududlarni kengaytirish maqsadida daraxt va gul ko‘chatlari ekilib, ichki yo‘llar tartibga keltirilmoqda. Bu kabi ezgu ishlar mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillarining hamjihatligida amalga oshirilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ana shunday hamkorlik va fidokorlik tufayli har bir mahallada bayram arafasiga munosib obod va fayzli muhit yaratilmoqda.
Inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan infratuzilma loyihalari ham izchil davom etmoqda. Xususan, Paxtakor tumanining “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘ini Qoramirza qishlog‘ida aholi turmush farovonligini oshirish, tomorqachilik imkoniyatlarini kengaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muhim loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Unga muvofiq, 8 kilometr masofaga oqar suv tarmog‘ini yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda.


Mazkur loyihaning ro‘yobga chiqishi qishloq aholisining tomorqa yerlaridan yanada samarali foydalanish imkoniyatini kengaytiradi, dehqonchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bu esa aholi daromadlarini oshirish, qishloq infratuzilmasini takomillashtirish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Mustaqillik bayrami arafasida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat bunyodkorlik, balki yuksak ma’naviy muhitni qaror toptirishga ham qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ana shunday tadbirlardan biri Paxtakor tumanidagi “Samarqand” MFY da yuqori saviyada tashkil etildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bayram dasturida tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan Vatanga muhabbat, tinchlik, hamjihatlik va mustaqillik g‘oyalarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar hamda badiiy chiqishlar namoyish etildi. Mazmunan boy va ta’sirchan chiqishlar mahalla aholisi, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar tomonidan katta qiziqish hamda samimiy olqishlar bilan qarshi olindi.


Ayniqsa, bayram tadbirida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, xalqimiz farovonligi, mamlakatimiz taraqqiyoti hamda mustaqillikning bebaho ne’mati haqida bildirilgan fikrlar ishtirokchilar qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamladi. Bu esa Prezidentimiz farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy g‘urur, Vatanga sadoqat va fidoyilik fazilatlarini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Tumanda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, aholi manfaatlariga xizmat qiluvchi infratuzilma loyihalari va yuksak saviyada o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning hududlardagi amaliy ifodasidir. Bu ezgu ishlar yurtimizning eng ulug‘ bayrami — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib qarshi olish, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish hamda Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri