Mustaqillik tuhfalari: inson qadri va obod hayot sari
Mustaqillik – inson uchun eng ulug‘ ne’mat. Zero, tabiatdagi har bir tirik jon erkinlikka intiladi. Alisher Navoiy bobomiz «Gar oltin qafas ichra qizil gul bitsa, bulbulga tikondek oshiyon bo‘lmas emish», deya bejiz aytmagan. Shu bois istiqlol bayrami xalqimiz qalbida hamisha alohida o‘rin tutadi. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi yurtimizning barcha hududlarida katta tantana va yangilanishlar bilan qarshi olinmoqda. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ham bayram shukuhi nafaqat maydonlardagi tantanalarda, balki odamlar hayotidagi amaliy o‘zgarishlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Uzoq yillik orzu ro‘yobi
Chiroqchi tumanidagi safarimizni eng olis hududlardan biri – Arabbandi mahallasidan boshladik. Mahallaga qarashli Sho‘rquduq qishlog‘ida qad rostlagan yangi maktab binosiga ko‘zimiz tushishi bilanoq bu yerdagi o‘zgarishlar ko‘lamini his qildik.
Zamonaviy arxitektura yechimlari asosida barpo etilgan 129-umumta’lim maktabi qishloq aholisining ko‘p yillik orzusini ro‘yobga chiqardi.
Chunki ilgari bu qishloqda maktabning o‘zi bo‘lmagan. Bolalar qo‘shni qishloqdagi ta’lim muassasasiga qatnar, buning uchun ancha masofani bosib o‘tardi. Ayniqsa, katta avtomobil yo‘lini kesib o‘tish bolalar xavfsizligi masalasini doimo kun tartibida ushlab turardi.
Shu qishloqda istiqomat qiluvchi, 39 yil pedagoglik qilgan faxriy ustoz Ismoil bobo Sindirov yangi maktabni ko‘rar ekan, o‘tgan yillarni xotirladi.
– Men ham 39 yil elning farzandlariga ta’lim berdim. Lekin yangi qurilgan maktabdagi sharoitlarni ko‘rib, ko‘zimga yosh keldi. Bugungi yoshlar juda baxtli. Ularga yaratilayotgan sharoitlar, ta’limga qaratilayotgan e’tiborni ko‘rib, dorilamon kunlarga shukr qilasan kishi. Bu maktabning Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi qishlog‘imiz yoshlariga katta tuhfa bo‘ldi, – deydi u.
Maktab rahbari O‘tkir Suyunovning aytishicha, muassasa tegishli dasturlar asosida qariyb 11,5 milliard so‘m byudjet mablag‘i hisobidan barpo etilgan.
330 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim maskanida o‘quvchilar uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Bino zamonaviy isitish va sovitish tizimi bilan jihozlangan. Jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun lift o‘rnatilgan.
Kompyuter va laboratoriya xonalari, sport zali, mini-futbol maydonchasi, zarur inventarlar – barchasi bolalar ixtiyorida.
Arabbandi mahallasida 7 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla raisi Tolmas Qulmuratovning aytishicha, yangi maktab qishloq aholisining yillar davomida kutgan muammosini hal etdi.
– O‘tgan yili bu yerda qalin tuproq, yantoq bosgan kenglik bor edi. Bir yilda shunchalik o‘zgarib, zamonaviy maktab, mini-stadion va boshqa qulayliklar yaratildi. Bayram arafasida uning foydalanishga topshirilayotganidan odamlarimiz juda mamnun, – deydi mahalla raisi.
Bu kabi o‘zgarishlar tumanda birgina maktab bilan cheklanib qolmayapti. Mustaqillik bayrami arafasida Chiroqchi tumanida 35 ta ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirilmoqda. Ularning 10 tasi umumta’lim maktabidir.
Suv kelsa – baraka keladi
Chiroqchidagi yana bir manzilimiz Tanhoz daryosi bo‘yidagi yangi gidroinshoot va Qayirma kanali bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi uchun suvning har bir tomchisi qadrli bo‘lgan bu hududda amalga oshirilgan ishlarning ahamiyatini yerga mehr bilan qarayotgan dehqon va fermerlarning so‘zlaridan ham anglash mumkin.
Uzoq yillardan buyon aholi tomorqalari va fermer xo‘jaliklari dalalarini sug‘orishga xizmat qilib kelgan Qayirma kanalining 1 ming 685 metr qismi betonlashtirildi. Tanhoz daryosidan suv olinadigan bosh qismida yangi gidroinshoot barpo etildi.
– Ilgari suvning yo‘qotilishi yuqori bo‘lgani uchun kanalning oxirgi qismlariga suv to‘liq yetib bormasdi. Bugun amalga oshirilgan ishlar natijasida bu muammo ancha bartaraf etildi. Kanal orqali olti hududdagi qishloq xo‘jaligi yerlari va aholi tomorqalari suv bilan ta’minlanadi, – deydi tuman irrigatsiya bo‘limi gidrotexnigi Ahad Ahmedov.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, amalga oshirilgan ishlar natijasida 5 ming 300 gektar maydon, jumladan, 135 ta fermer xo‘jaligi hamda 21 ta mahalladagi 9 ming 840 aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash darajasi 62 foizdan 78 foizga oshgan.
Bu raqamlar ortida esa minglab xonadonlarning dasturxoni, dalalardagi hosil va odamlarning ertangi kunga ishonchi mujassam.
Obod mahalla – farovon xonadon
Keyingi manzil Paxtaobod mahallasi bo‘ldi. Bu yerda ham bayram arafasida ishlar qizg‘in.
Ko‘chalarda qurilish-tirikchilik. Bir tomonda asfalt yotqizilmoqda, yana bir tomonda ichimlik suvi tarmoqlari tortilayapti.
– Mahallamizda 3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i va 3 kilometr asfalt yo‘l qurilyapti. Ilgari bunday qulayliklar bo‘lmagan. Bugun islohotlarning samarasini o‘z mahallamizda ko‘rib turibmiz. «Dolzarb 40 kunlik» doirasida xonadonlar obod qilinmoqda, issiqxona va dehqonchilik ishlari rivojlanyapti. Bayram oldidan bu katta tuhfa bo‘ldi, – deydi mahalla raisi Jaloliddin Ochilov.
Darhaqiqat, obod mahalla farovon xonadon, farovon xonadon esa yurt taraqqiyotining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri.
Bayram shukuhi
Kechga yaqin tuman markazidagi markaziy o‘yingoh odamlar bilan gavjumlashdi. Mustaqillikning 35 yilligini munosib kutib olish uchun tuman ahli shu yerga jam bo‘lgan.
Kimningdir qo‘lida bayroq, kimningdir ko‘zida quvonch. Vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar yangraydi. Bolalarning shod kulgisi, kattalarning samimiy suhbatlari bayram manzarasiga yanada fayz bag‘ishlaydi.
Tuman hokimi Bahodir Xudoyqulov yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, hududda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritdi.
Bugun Chiroqchi tumanidagi yangilanishlar ko‘lami keng. Joriy yilda 3 ta mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi, 3 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 8 ta umumta’lim maktabi, zamonaviy axborot-kutubxona markazi barpo etildi. Sog‘liqni saqlash tizimida ham zamonaviy xususiy tibbiyot klinikasi foydalanishga topshirildi.
Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 56 kilometr ichki avtomobil yo‘llari qurilib, ta’mirlandi. 11 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i yangidan tortildi va rekonstruksiya qilindi. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun hududlarga 24 ta yangi transformator o‘rnatildi.
Investitsiya sohasida ham yangi loyihalar shakllantirilmoqda. Joriy yilda hududiy investitsiya loyihalari doirasida 213 million dollarlik xorijiy sarmoya va kreditlarni o‘zlashtirish bo‘yicha manzilli loyihalar belgilangan.
Bu raqamlar ortida yangi ish o‘rinlari, yangi korxonalar, obod mahallalar va farovon oilalar taqdiri turibdi.
Stadionda esa bayram dasturi avjiga chiqdi. El suygan san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tuman ahliga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Shu damda sahnada yangrayotgan qo‘shiqlar sadosi, qo‘llaridagi bayroqchalarni hilpiratayotgan bolalar va bayramdan mamnun chehralarga boqib, mustaqillikning asl qadrini yana bir bor his etasan kishi.
Zero, mustaqillik faqat bayram emas. U yangi maktabga kelayotgan bolaning quvonchi, yillar davomida suv kutgan dalaning umidi, asfalt yo‘ldan qatnayotgan odamning roziligi, obod mahallada xotirjam yashayotgan oilaning baxtidir.
Chiroqchidagi bugungi o‘zgarishlar esa ana shu ulug‘ ne’mat – mustaqillikning inson hayotidagi amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
[gallery-31078]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari