“Mustaqillik” qishlogʻida yangi maktab ochildi
Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanidagi Sandal mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Qorasuv qishlogʻi yoshlari uchun mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi tantanalari qoʻshaloq bayramga aylandi.
Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanidagi Sandal mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Qorasuv qishlogʻi yoshlari uchun mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi tantanalari qoʻshaloq bayramga aylandi.
Boisi qishloqdagi 170 oʻringa moʻljallangan 91-umumtaʼlim maktabi binosi kapital rekonstruksiya qilinib, yonidan qoʻshimcha 310 oʻrinli yangi bino ham qurildi. Mazkur qishloqlik 500 nafardan ziyod oʻquvchi shu kunga qadar maktabda joy yetmasligi sabab 2-3 navbatda oʻqishga majbur edi. Bu esa nafaqat oʻquvchilarlarga, balki ularning ota-onalariga ham noqulaylik tugʻdirayotgan edi.
Endilikda ular keng va yorugʻ, barcha qulayliklarga ega zamonaviy taʼlim muassasasida tahsil oladi.
Umumtaʼlim maktabining tantanali ochilish marosimida tuman hokimi va sohaga aloqador barcha tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
– Albatta hukumatimiz tomonidan oʻqituvchi va oʻquvchilarimiz uchun yaratilgan bu qulaylikdan barchamiz juda quvondik, – deydi maktab direktori Suvonqul Rajabov. – Kelgusida maktabimiz oʻquvchilari bilimlar bellashuvi va fan olimpiadalaridagi faol ishtiroki bilan davlatimiz rahbarining ular uchun yaratib bergan bu mukofotiga munosib javob qaytaradi.
Shu kuni tumandagi Navroʻz mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli yangidan tashkil boʻlgan “Mustaqillik” qishlogʻida ham 340 oʻrinli yangi maktab binosi foydalanishga topshirildi.
Ushbu yangi qishloqda maktab yoʻqligi bois oʻquvchi yoshlar uzoq masofaga qatnab taʼlim olardi.
Aytish joizki, Davlatimiz rahbarining 2018-yil dekabr oyida viloyatga tashrifi chogʻida mazkur qishloqda ham oʻquvchilar uchun yangi maktab qurib berish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berilgan edi. Oʻsha topshiriqlar asosida ushbu qishloqda zamonaviy, barcha sharoitlarga ega maktab binosi qad rostladi va mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirildi.
Tadbirga yigʻilganlar Yurtboshimiz tomonidan taʼlim tizimiga qaratilayotgan eʼtibor, mamlakatimizda yosh avlodga sifatli taʼlim berish va tarbiyalash uchun yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.