Mustaqillik — milliy yuksalish va oliy ta’lim islohotlarining bosh mezoni
Mamlakatimiz istiqlolga erishgan tarixiy sana — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi bayrami arafasida ortga nazar tashlash, bosib o‘tilgan sharafli yo‘l va erishilgan ulkan yutuqlarni sarhisob qilish an’anaga aylangan. Mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda yangi tarixiy bosqichga qadam qo‘ygan O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, milliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Zero, milliy mustaqillikning eng mustahkam poydevori — bu zamonaviy fikrlaydigan, yuksak intellektual salohiyatli va raqobatbardosh yosh avlod.
Mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar, eng avvalo, yoshlarning sifatli bilim olishiga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, oliygohlar nufuzini oshirish va sohani to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan.
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi nafaqat qamrov, balki ta’lim sifati borasida ham misli ko‘rilmagan ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Buni rasmiy statistik ma’lumotlar ham yaqqol tasdiqlaydi. 2016-yilga qadar mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 77 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, olib borilgan izchil siyosat natijasida 2026/2027 o‘quv yili boshiga kelib ularning soni 215 taga yetdi.
Mustaqillik yillarida oliy ta’lim sohasida amalga oshirilgan eng inqilobiy qadamlardan biri — tizimda davlat monopoliyasiga chek qo‘yilishi va nodavlat (xususiy) oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga keng yo‘l ochib berilgani bo‘ldi. Bu qadam sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ta’lim sifatini oshirish va yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichini keskin yuksaltirishda bosh omilga aylandi. Agar ta’lim sohasidagi islohotlarning dastlabki yillarida yurtimizda xususiy universitetlar deyarli mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu manzara tubdan o‘zgardi.
Olib borilgan izchil siyosat va tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan imtiyozlar natijasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni 97 taga yetdi. Bugungi kunda respublikadagi jami talabalarning sezilarli qismi aynan xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa davlat byudjetiga tushadigan yuklamani kamaytirish bilan birga, investitsiyalarni ilm-fan sohasiga yo‘naltirish imkonini berdi.
Nodavlat oliygohlar mehnat bozoridagi eng xaridorgir yo‘nalishlar — IT, raqamli iqtisodiyot, zamonaviy boshqaruv, tibbiyot va muhandislik sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tezkorlik bilan yo‘lga qo‘ymoqda. Ular xorijiy yetakchi universitetlarning o‘quv dasturlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri joriy etish orqali amaliyotga yo‘naltirilgan mutaxassislar yetishtirmoqda.
Islohotlarning boshlang‘ich davrida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi atigi 9 foizni tashkil etar edi. Ko‘rilgan tizimli chora-tadbirlar evaziga bu ko‘rsatkich 47 foizdan oshdi va yaqin yillarda 50 foizlik marrani zabt etish maqsad qilingan. Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan jami talabalar soni 1,5 million nafardan oshib, mustaqillik tarixidagi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bakalavriat va magistratura bosqichlariga qabul kvotalari yil sayin sezilarli darajada kengaymoqda.
Xususan, yangi o‘quv yilida oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingan talabalar soni 409,7 ming nafarni tashkil etdi. E’tiborlisi, qabul qilinganlarning 55,4 foizini (226,8 ming nafar) xotin-qizlar tashkil etib, jamiyatda ayollarning ilm-fanga bo‘lgan intilishi davlat tomonidan yuksak darajada qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bugun mamlakatimiz oliy ta’limi dunyo ilm-fani makoniga dadil kirib bormoqda. Xalqaro nufuzli reyting agentliklari (Times Higher Education, QS) hisobotlarida yurtimiz oliygohlarining mavqei yil sayin mustahkamlanmoqda. 2026-yilgi xalqaro reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim tashkiloti dunyoning top-1000 talik ro‘yxatidan joy oldi.
Shuningdek, yurtimizda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti xorijlik yoshlarni ham o‘ziga jalb etmoqda. Olib borilgan islohotlar natijasida O‘zbekistonga bilim olish uchun kelgan xorijlik talabalar soni 21 mingdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga ko‘paydi. Bu yurtimiz ta’lim brendi xalqaro miqyosda tan olinayotganining yaqqol isboti.
Oliy ta’lim tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ta’lim jarayoniga ilg‘or "HEMIS" va kredit-modul tizimlarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Maqsad — faqat diplomli kadr tayyorlash emas, balki Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga ola biladigan, mustaqil fikrlaydigan yurt farzandlarini kamolga yetkazish.
Mustaqillik bergan eng buyuk ne’mat — bu o‘z taqdirimizni o‘z qo‘limiz bilan belgilash, o‘z kelajagimizni ilm-ma’rifat asosida qurish imkoniyati. Oliy ta’lim tizimidagi bugungi islohotlar yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi eng muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Begzod TILAVOV,
Toshkent iqtisodiyot va pedagogika
universiteti dotsenti
O‘zA