Mustaqillik bayrami yangi uylarda nishonlanmoqda
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 30 yilligi shukuhi kezayotgan kunlarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Qapchug‘ay” mahalla fuqarolar yig‘inida 12 ta 4-5 qavatli zamonaviy turar-joy binolar foydalanishga topshirildi. Aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan ushbu uylarda 340 xonadon mavjud.
Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlashga muhim e’tibor qaratilayotgan bo‘lib, shahar va tumanlarda ko‘plab ko‘p kvartirali uylar bunyod etilyapti. Uy -joyga muxtoj ehtiyojmand va yosh oilalar uchun subsidiyalar, imtiyozli kreditlar ajratilyapti. Xususan, Qapchug‘ay mahallasidagi yangi massiv bugun bunyodorlik maskaniga aylangan bo‘lib, har yili o‘nlab uylar qurilmoqda.
Ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tuman aholisini Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami bilan qutlab, aholini uy-joy bilan ta’minlash sohasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan ulkan ishlarga to‘xtaldi.
-Bugun Oltiariqda katta bayram, sababi 12 ta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilyapti-dedi viloyat rahbari.-Aslini olganda 5 yil oldin bu kabi uylar qurilishini tasavvur qilib bo‘lmasdi. Bu uylarning qurilishi yaqinda, 6-8 oy avval boshlangan edi. Qisqa muddatda mana shunday charog‘on mavze’ barpo etilib, O‘zbekiston Mustaqilligi 30 yilligi ko‘chasi deb nomlanib, bugun mana shunday shinam xonadonlar bitkazib berilgani ham Prezidentimizning xalqchil islohotlari natijasidir. Joriy yilning o‘zida viloyatimiz bo‘yicha 292 ta, 7500 xonadondan iborat ko‘p qavatli uylarni quryapmiz. Birgina misol, Bag‘dod tajribasi respublikaga yoyildi. Bag‘dod tumani tashkil qilingandan buyon 49 ta 2-3-4 qavatli uylar qurilgan bo‘lsa, bugun bitta “Muruvvat” mahallasida 61 ta uy qurilmoqda. Bugun xalqimizda bu kabi zamonaviy, shinam uylarga katta ehtiyoj bor. Hozirda 4-5 qavatli uylar qurayotgan bo‘lsak yaqin kelajakda, 2-3 yil ichida hatto qishloqlarda ham 7-9, 10-16 qavatli uylar quriladi. Zamon shuni talab qilyapti. Birinchi maqsad – aholimizning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘lsa, ikkinchisi bu uylarning har birini qurishda kamida 70-80 nafar odam ish bilan band bo‘lyapdi degani. Ushbu 12 ta uyni qurilishida kamida 1000 ta odam ish bilan ta’minlandi. Eng quvonarlisi, bu kabi qurilishlar davom etyapti. Oltiariq tumanining o‘zida yana 22 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi bormoqda. Ushbu uylar – oltiariqlik quruvchilarning Mustaqilligimizning 30 yillik to‘yiga tuhfasi. Niyat qilamizki, ushbu xonadonlarda o‘sadigan farzandlar yurtimizga sadoqat bilan, fidoyilik bilan xizmat qiladigan, zabardast, komil insonlar bo‘lib yetishadi.
Tantanali tadbirning ochilish marosimidan so‘ng viloyat rahbari xonadonlarda bo‘lib, yangi xonadon egalari bilan suhbatlashdi. Yangi uylar, unda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Xonadon egalari ham davlat rahbarining g‘amxo‘rligi natijasi o‘laroq shunday shinam, barcha qulayliklar yaratilgan uylarga ko‘chib kirishganliklari Mustaqillik bayramining 30 yilligiga munosib to‘yona bo‘lganligini alohida quvonch bilan aytib o‘tishdi.
Yangi uy to‘ylari katta shodiyonaga aylandi. Tantanali tadbir davomida tumandagi “Ayollar daftari” ga kiritilgan 260 nafar xotin-qizlar hamda “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchi 220 nafar yoshlarning o‘z-o‘zini band qilishini ta’minlash maqsadida velosiped, o‘simliklarga kimyoviy ishlov berish apparati, tikuv mashinasi va elektr pechlar topshirildi. Shuningdek, tadbir doirasida Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi 33 ta kam ta’minlangan oila farzandlari uchun sunnat to‘ylari ham o‘tkazildi.
[gallery-3643]
M. Sulaymonov, M. Qodirov(surat), O‘zA