Mustaqillik bayrami obod mahallada nishonlanadi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar Buxoro shahri “Xo‘jamushkin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi infratuzilmasini yaxshilash, aholi muammolarini ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib o‘rganish, mavjud muammolarga yechim topish masalalari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Buxoro shahridagi 60-sonli mahalla fuqarolar yig‘iniga “Xo‘jamushkin” nomi berilgan. Hududda 3 ming 300 nafar aholi yashaydi. Umumiy maydoni 180 ming 896 kvadrat metr bo‘lib, aholi asosan 23 ta ko‘p qavatli turar joyda yashaydi.

– Keyingi bir yilda mahallamizda ulkan obodonlashtirish va ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi, – deydi “Xo‘jamushkin” MFY raisi Aslon Muhammadiyev. – Avvalo, ta’mirtalab bo‘lgan Alpomish ko‘chasi qayta ta’mirlanib, asfaltlashtirildi. Mahalla ostonasiga ramziy darvoza nomlavha bitilgan banner o‘rnatildi. Mavjud 23 ta ko‘p qavatli turar joyning fasad qismi qayta ta’mirlandi. Barcha yo‘l va yo‘laklar betonlashtirildi. Uylarning atrofi obodonlashtirildi. Temir eshiklar, ularga elektron kodlangan qulflar o‘rnatildi.
Alpomish ko‘chasi 13-uy oldida yangi ko‘p kavatli uy qurilib, uning birinchi qavatida aholi talablaridan kelib chiqqan holda dorixona, oziq-ovqat do‘koni, ko‘ngilochar favvora qurildi. Ko‘chaning ko‘p qavatli uylari oldida 6 ta yangi bolalar o‘yin maydonchalari, alohida voleybol maydoni qurib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, tadbirkorlardan biri Nazir Muqimov tashabbusi bilan hududdagi 13/3-uy oldida oziq-ovqat do‘koni barpo qilindi. Natijada 2 kishi ish bilan ta’minlandi. Ko‘p qavatli turar joylar oralaridagi temir garajlar olindi. O‘rnida savdo do‘koni qurilib, foydalanishga topshirildi. Hozirda unda 5 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Bundan tashqari, 9-uy oldida maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi barpo qilindi. Fuqarolar murojaatiga ko‘ra, stomatologiya xizmati ham yo‘lga qo‘yildi.

Amalga oshirilgan ishlar qatorida hududdagi 30-umumta’lim maktabiga boradigan yo‘lning 500 metri asfaltlashtirildi. Uning yonida piyodalar yo‘lagi qurildi. Hududdagi “Umar ibn Hattob” jome’ masjidining 5 sotix yer maydoni obodonlashtirildi. Atrofi gulzorlashtirilib, masjidga keladiganlar uchun avtoturargoh barpo qilindi. Uylar oldidagi gulzorlarni sug‘orish maqsadida 12 ta suv nasosi o‘rnatildi. Shu kecha-kunduzda mahalla ko‘chalarida tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda.
Viloyat mutasaddilari mahallada tadbirkor Mahmud Ergashev tomonidan barpo etilgan zamonaviy “Non-baton invest” MCHJ savdo do‘konining ochilish marosimida ham qatnashdi. Ta’kidlash joizki, mazkur majmua tashlandiq holda yotgan 3 sotix yer maydonida qurilgan. Ayni paytda bu yerda 20 nafar ishchi-mutaxassis tomonidan 15 xildagi non va non mahsulotlari tayyorlanadi. Mutasaddilar sexda yaratilgan sharoit bilan tanishdi. Mahallada ayni kunda 55 nafar fuqaro “Temir”, 162 nafari “Ayollar” daftaridan chiqarilgan. Yaqinda ularning 8 nafariga o‘z murojaatlariga ko‘ra zamonaviy tikuv mashinasi, yana o‘nga yaqin yigitga “bolgarka” uskunasi berildi. Bu esa ularning o‘z-o‘zini band qilish va daromad topish imkonini beradi. Hozirda 13 nafar ehtiyojmand oila a’zolari haydovchilik kursida bepul o‘qitilmoqda.

Viloyat hokimi boshchiligidagi mutasaddilar “To‘qimachi”, “Foshun”, “Varaxsha”, “Zarafshon” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi infratuzilma va aholi muammolarini o‘rgandi. Muammolarni tizimli hal etish, hududni shaharsozlik qoida va me’yorlariga mos obodonlashtirish yuzasidan mas’ul mutasaddilarga zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA