Musobaqalar qizg‘in davom etmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining dastlabki bosqich bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, Nukus shahrida “Hokim olimpiadasi”ning erkin kurash musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda 13-14 yosh toifasidagi iqtidorli sportchilar maydonda o‘zaro kuch sinashdi. Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan musobaqa yakunida g‘oliblar diplom va medal bilan taqdirlanib, keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, To‘rtko‘l tumanida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazilayotgan “Hokim olimpiadasi” doirasida voleybol musobaqalari o‘z yakuniga yetdi.

Bahslarda qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni 6-sonli umumta’lim maktabi, ikkinchi o‘rinni 67-sonli umumta’lim maktabi, uchinchi o‘rinni 41-sonli umumta’lim maktabi, o‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rinni tuman Sport maktabi, ikkinchi o‘rinni 6-sonli umumta’lim maktabi, uchinchi o‘rinni 27-sonli umumta’lim maktabi jamoalari qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa a’zolari tashkilotchilar tomonidan diplom va medallar bilan taqdirlandilar.
Eng chekka Mo‘ynoq tumanida “Hokim olimpiadasi” doirasida gandbol bo‘yicha musobaqalari o‘tkazildi. Unda tumandagi umumta’lim maktablarining 17 ta jamoasidan 300 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ishtirok etib, birinchilik uchun o‘zaro bellashdi.

Musobaqa yakunida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan diplom va medallar bilan taqdirlandi. G‘oliblar musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi.
Ushbu musobaqalar yosh sportchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning jismoniy salohiyatini oshirish va iqtidorli sportchilarni aniqlashga xizmat qilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, bugungi kunga dastlabki bosqichda 10 ta sport turi bo‘yicha musobaqalar yakunlanib, 3 ta sport turi bo‘yicha davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA