Musobaqada eng saralar g‘olib bo‘ldi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi tomonidan fondning tuman va shahar bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida sportning shaxmat va shashka turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Musobaqaga shaxmat bo‘yicha Xalqaro toifadagi hakam Abduraim Buxorov hakamlik qildi.
Ma’lumki, 2020 yil 30 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishchora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi.
Ushbu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida ham ko‘plab sport musobaqalari, “Salomatlik sari 5 ming qadam” aksiyalari o‘tkazilib kelinmoqda.


Ushbu bellashuvlar ham xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni ommaviy sport turlariga keng jalb etish maqsadida o‘tkazildi.
Murosasiz va qizg‘in kurashlarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvda shaxmat bo‘yicha I-o‘rinni “Mahalla” fondi Navoiy viloyat bo‘limi xodimi Talif Muratov egallagan bo‘lsa, shashka bo‘yicha birinchilik fondning Nurota tumani bo‘linmasi xodimi Azizjon Nazarovga nasib etdi.
Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada esa fondning viloyat bo‘limi xodimi Sufiya Tursunovaga teng keladigan sportchi topilmadi.
G‘olib va sovrindorlar O‘bekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limining Diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA