Musiqa ta’limi masalalari muhokama etildi
Yaxshi musiqa inson ruhiyati, salomatligi uchun foydali ekani olimlar tomonidan ko‘p marta e’tirof etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamkorligida tashkil etilgan “Musiqa terapiyaning musiqa ta’limi bilan integratsiyasi: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.
Bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti, inson salomatligi va ta’lim tizimining uyg‘un rivoji ilm-fan oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Xususan, shaxsning psixologik farovonligini ta’minlash, uning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda inklyuziv ta’lim muhitini rivojlantirish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu jihatdan musiqa terapiyasi va musiqa ta’limining o‘zaro integratsiyasi zamonaviy ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida muhim o‘rin tutadi. Musiqa san’ati inson ruhiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi noyob vosita sifatida qadimdan e’tirof etib kelinadi.
Uni ilmiy asosda o‘rganish, ayniqsa, milliy musiqa merosimiz negizida yangi yondashuvlarni ishlab chiqish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan izlanishlar nainki sog‘liqni saqlash tizimi, balki ta’lim sohasi samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman mazkur sohadagi ilmiy izlanishlarni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda mutaxassislar o‘rtasida samarali ilmiy muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya jarayonida musiqa terapiyasini chuqur tadqiq etish, maqom san’ati va milliy musiqa merosini sog‘liqni saqlash tizimi bilan uzviy bog‘lash negizida yangi ilmiy-amaliy konsepsiyalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar – mobil ilovalar, vizual-terapevtik vositalar va immersiv formatlar yordamida milliy musiqaning terapevtik salohiyatini kengaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar hamda samarali metodik yondashuvlar almashinuvi tashkil etildi.
Tadbirda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari, yosh olimlar, izlanuvchilar, magistrlar va iqtidorli talabalar anjuman yo‘nalishiga mos mavzular bo‘yicha ishtirok etib, institut rahbariyati tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman musiqa terapiyasi va musiqa ta’limi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yanada chuqurroq anglash, milliy musiqa merosimizning beqiyos imkoniyatlarini zamonaviy yondashuvlar asosida ochib berishda muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri