Musiqa sanʼati bilimdonlari
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarga ehtirom koʻrsatish, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash, qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish masalasi davlatimizning doimiy eʼtiborida ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi pedagogik jamoasida ham, talabalar safida ham ayol-qizlar salmoqli oʻrinni egallaydi.
Mohir pedagog ayollar musiqa sanʼatining turli yoʻnalishlari boʻyicha yoshlarga ustozlik qilayotgan boʻlsa, xorijiy tanlovlarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilayotgan musiqachi qizlar ham koʻpligi quvonarlidir.
– Yurtimizda ayollarga nisbatan hamisha munis ona, qadrdon opa, begʻubor qalbli singildek eʼzozli munosabatda boʻlingan, – dedi ushbu oliy oʻquv yurtining oʻzbek va xorijiy tillar kafedrasi dotsenti Sayyora Hamdamova. – Joriy yilda mening ham kamtarona mehnatlarim eʼtirof etilib, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoniga sazovor boʻldim. Bundan koʻnglim togʻ qadar yuksaldi.
Tadbirda professor-oʻqituvchilar, talaba-qizlar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Ayol, mehr, muhabbat, bahorni madh etuvchi konsert dasturi barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.