Musiqa darg‘asi xotirlandi
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida atoqli musiqa darg‘asi Faxriddin Sodiqov tavalludining 110 yilligi munosabati bilan xotira kechasi o‘tkazildi. Tadbirda F.Sodiqov yaratgan noyob va barkamol musiqiy asarlar, uning milliy qo‘shiqchilik san’atining rivojlanishiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, sozanda, bastakor va ustoz Faxriddin Sodiqov ijodiy, ijrochilik, muallimlik va jamoatchilik faoliyati bilan XX asr o‘zbek musiqasi tarixida yorqin iz qoldirdi. U o‘zbek mumtoz musiqa an’analarini izchil davom ettirib, o‘ziga xos uslubda qo‘shiq, ashula, kuy hamda boshqa shakl va janrlarda bir qator asarlar yaratib, xalqimiz hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Bastakorning yaratgan musiqasi jo‘shqinligi, mazmundorligi, ta’sirchanligi bilan tinglovchiga manzur bo‘lgan.

Faxriddin Sodiqov 1914 yilning 13 mayida Toshkent shahrida tavallud topdi. Bolaligidan musiqaga qiziqdi. Avval dutor ijrochiligini mahalladagi katta yoshdagi bolalardan o‘rgandi. Keyinchalik Chorsu guzarida joylashgan mashhur hofiz Shorahim Shoumarov tashkil etgan «Sanoi nafisa» jamoasi qoshidagi ansambl chiqishlarini kuzatib bordi va tez orada ularga shogird bo‘lib tushdi.
Nug‘mon-qori Mo‘minzoda ustozidan chang chalish, Abdusoat Vahobov ustozdan dutor chertish mahoratiga ega bo‘ldi.

Bastakor, changchi-sozanda F.Sodiqov mehnat faoliyatini 1930 yili O‘rta Osiyo temir yo‘l qoshidagi klubda xalq cholg‘ulari havaskorlar to‘garagini tashkil qilishdan boshladi.
1972 yilda Toshkent davlat konservatoriyasida yangi tashkil topgan Sharq musiqasi kafedrasida ishlab, maqom ijrochiligi bo‘yicha talabalarga ustozlik qildi. F.Sodiqov musiqaning turli janrlarida ijod qildi. Uning ijodida kuy, qo‘shiq va ashula alohida o‘rin tutadi. U klassik va zamondosh shoirlar she’rlariga 300 dan ortiq asarlar yaratdi.

Bastakorning ko‘plab qo‘shiq va ashulalari tabiatni, mehr-muhabbatni, insoniylikni, go‘zallikni madh etadi.
Tadbirda milliy kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi namoyish etildi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA