Mushtarak vazifalar yoʻlidagi ulkan tashabbus
Yigʻilishda “Nuroniy” jamgʻarmasining faoliyati, keksa avlod vakillarining oilalarni mustahkamlash va yoshlar tarbiyasidagi ishtiroki masalalari ham tahlil qilindi.
Mushtarak vazifalar yoʻlidagi ulkan tashabbus
mahallalarning oʻzini oʻzi boshqarish instituti sifatida rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida muhim ahamiyatga ega masala — ezgu qadriyatlarimiz beshigi boʻlmish mahalla instituti faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish, jinoyatchilikning oldini olish, oilalar mustahkamligini taʼminlash, yoshlarni har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalash borasidagi mushtarak vazifalarni hamkorlikda, birdamlikda amalga oshiradigan tamomila yangi tizim yaratilganiga guvoh boʻldim.
Yigʻilishda “Nuroniy” jamgʻarmasining faoliyati, keksa avlod vakillarining oilalarni mustahkamlash va yoshlar tarbiyasidagi ishtiroki masalalari ham tahlil qilindi.
Tan olish kerak, keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz tomonidan jamgʻarmamiz faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilib, barcha shart-sharoitlar muhayyo etib berilganiga qaramay faoliyatimizda qator kamchiliklar koʻzga tashlanayotgan edi. Ochigʻini aytganda, bu nuqsonlar boshqa hamkor jamoat tashkilotlar faoliyatida ham kuzatilayotgan edi.
Shu bois Yurtboshimiz faoliyatimiz samaradorligini oshirish yuzasidan yana oʻzlari tashabbus bilan chiqdilar. Yaʼni “Nuroniy” va “Mahalla” jamgʻarmasi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” markazini yagona kuchli davlat tashkiloti – Mahalla va oila masalalari vazirligida birlashtirish taklifi biz nuroniylarning ayni koʻngildagi tashabbus boʻldi. Chunki shu paytgacha, zimmamizga yuklatilgan vazifalarni bajarishda imkoniyatlarimiz cheklangan edi. Keksalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularning sihatgohlarga dam olishlarini tashkil etish uchun moliyaviy manbalarimiz yetarli emas edi.
Yangi tashkil etilayotgan Vazirlikning vazifa va vakolatlari haqida eshitib, sohaga oid davlat siyosatini yuritishning samarali mexanizmi yaratilganini yana bir karra his etdim. Chunki Mahalla va oila masalalari vazirligi fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlarining samarali faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratish, qonun hujjatlari bilan berilgan vakolatlarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi vazifalardan tashqari, yolgʻiz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga moddiy koʻmaklashish kabi vazifalarni ham oʻz zimmasiga olmoqda. Eng muhimi, keksalarni qoʻllab-quvvatlash masalasi endi “egasiz” tizim boʻlmaydi. “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi Mahalla va oila masalalari vazirining Keksalar va faxriylar boʻyicha oʻrinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Davlatimiz Rahbari taʼkidlaganidek, mahallalarda toʻplanib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash yoʻlida barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurati tugʻilgan edi.
Yangi vazirlik koʻhna tarixga ega boʻlgan va xalq boshqaruvining betakror instituti, milliy mentalitetimiz koʻzgusi hisoblangan mahallalarning tom maʼnoda, “oʻzini oʻzi boshqarish instituti” sifatida rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga koʻmaklashuvchi kuch sifatida muhim oʻrin egallaydi, albatta.
Taʼkidlash joiz, yagona bir musht sifatida maqsad va vazifalari bitta vazirlik tizimiga biriktirilgan toʻrtta jamoatchilik tashkilotlarining har biri, jumladan, “Nuroniy” jamgʻarmasi ham ilgarilari oʻz holicha, alohida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Sir emaski, boshqaruv tizimida uzoq davom etgan bunday amaliyot oxir-oqibatda mushtarak vazifalarni ayricha ado etib kelgan tashkilotlar faoliyatining zaiflashuviga, ijro intizomining buzilishiga, takroriy topshiriqlar sonining ortishiga, ajratilgan vaqt va muddatning behuda sarflanishiga, eng muhimi, sifat va samaradorlikning pasayishiga olib keldi. Bunday koʻngilsiz va kechirilmas holatlar, taassufki, “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatida ham koʻzga tashlanar edi. Taklif etilayotgan yangi tizim esa faoliyatimizni yangicha bosqichda takomillashtirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf qilishga xizmat qiladi.
Yigʻilishda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini amalga oshirish haqida soʻz borar ekan, mahallalarda ahillik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yosh avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik tuygʻularini kuchaytirishda keksalar tajribasidan foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Darhaqiqat, yoshlarni Vatanga muhabbat, keksa avlodga hurmat, kichiklarga izzat ruhida tarbiyalash, oilaviy nizolarni hal qilish, obodonchilik ishlariga jamoatchilikni jalb etish, toʻy-marosimlarni ixchamlashtirish, tomorqalardan oqilona foydalanish borasida ham keksalar ibrati, oʻziga xos maktabi boʻlishi kerak. Negaki, shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi murakkab davrda, yoshlarimizni turli yot gʻoyalardan asrashda har bir keksa avlod vakili oʻzining munosib hissasini qoʻshishi talab etiladi. Shu nuqtayi nazardan aytadigan boʻlsak, mamlakatimizda boy hayotiy tajribasi, boshqalarga ibrati bilan juda katta kuchni tashkil qiladigan uch millionga yaqin nuroniylarimiz bor. Ularning koʻmagi bilan ayni maktabni yarata olishimizga ishonaman. Buning uchun bizda barcha imkoniyat va sharoit yetarli.
Ha, oldimizga qoʻyilgan vazifalar salmogʻi ulkan. Xalqni rozi qilishdek oliy maqsad esa ayni vazifalar ijrosini masʼuliyat bilan oʻz vaqtida toʻlaqonli, sifatli va maqsadli taʼminlashimiz uchun kuch va gʻayrat bagʻishlaydi. Zero, davlatimiz rahbari: “Oila – muqaddas” degan azaliy va ezgu gʻoya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi ogʻriqli holatlarni kamaytirib boʻlmaydi. Buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, koʻpni koʻrgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solishga qodir”, deya bizga katta ishonch bildirdi. Bu yuksak ishonchni oqlamaslikka esa hech birimizning haqqimiz yoʻq.
Sodiqjon TURDIYEV,
Oʻzbekiston Qahramoni,
“Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.