Mushohada: Ilhaq momo saboqlari...
Navbatma-navbat kelgan besh qoraxat momoning qaddini bukdi, ammo irodasini sindira olmadi.
Isoqjon, Ahmadjon, Mahamadjon, Vahobjon, Yusufjon... Zulfiya momoning besh azamat oʻgʻli xoki Belarus, Ukraina, Rossiya, Polsha janggohlarida qolib ketdi. Navbatma-navbat kelgan besh qoraxat momoning qaddini bukdi, ammo irodasini sindira olmadi.
Aytishga oson. Besh navqiron oʻgʻil dogʻi...
“Oʻzingiz oʻylang, aziz doʻstlar, har qanday insonni ham yakson qilib tashlaydigan bunday ogʻir zarbaga chidash mumkinmi? Lekin matonatli, metin irodali oʻzbek onasi bu cheksiz kulfatga bardosh bera oldi” dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Zulfiya momo matonati haqida soʻz yuritar ekan.
Kecha farzandlarim, nabiralarim bilan bu matonat haqida suratga olingan “Ilhaq” filmini tomosha qilar ekanman, butun vujudim titrab ketdi. Urush haqida oʻlmas asarlar yozgan Xemingueyning mashhur iborasi yodimga tushdi: Insonni yengib boʻlmaydi!
Yaqinlarimga, tanishlarimga, hamkasblarimga qoʻngʻiroq qildim: “Ilhaq”ni koʻrdingizmi? Bu filmni albatta koʻringlar”.
Ha, menimcha bu filmni hamma koʻrishi zarur.
Ayniqsa bugun arzimagan yetishmovchilikdan olamshumul muammo yasab, ayyuhannos soladigan noshukr va qanoatsizlar koʻrishi kerak.
Pana-pastqamda, internet puchmoqlarida xalqimiz haqida, bugungi turmushimiz xususida gʻiybat, fisqu fasod, vahima tarqatayotgan olchoqlarning yuziga tarsaki boʻladi bu film.
Ulugʻ siymolar aks etgan haykallar yonida maynavozchilik qilayotgan muttaham loʻttibozlar koʻzlarini kattaroq ochib koʻrishi kerak bu filmni.
Ayni sinov kunlarida oyogʻini qoʻliga olganicha doʻkonlarga yugurib, tonnalab un, yogʻ, kartoshka gʻamlab olgan xudbinlar koʻrsin!
El tinchligi, salomatligi, xavfsizligi yoʻlida oʻz halovatidan kechib, aziz jonini, oilasining xotirjamligini garovga qoʻyib, kechayu kunduz tinim bilmayotgan fidoyilarni behurmat qilayotganlarning mogʻor bosgan ongu shuuriga ham nur olib kirishga qodir bu kinoasar.
Yoshligimdan urush kinolarini qiziqib koʻrganman. Bola edik, hali Sobir Rahimov, hali Qudrat Suyunov boʻlib qahramonlik koʻrsatgimiz kelardi. Ulgʻaygach, anglab yetdimki, qahramonlik faqat janggohlarda dushman oʻqiga koʻksini qalqon qilibgina koʻrsatilmas ekan. Kasbingni halollab, oʻz vazifangni vijdonan bajarsang, shuning ortidan odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilsang, dardiga darmon boʻla olsang, buning oʻzi ham katta jasorat ekan.
Shunday emasmi?! Mana, pandemiyaga qarshi kurashilayotgan ayni kunlarda necha oylab oilasi bagʻriga qaytmasdan, bemorlarga parvona boʻlayotgan shifokorlar, odamlarimiz xavfsizligini taʼminlayotgan Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya xodimlari, harbiylar fidoyiliklarining frontdagi jasoratdan qanday kami bor?
Urush paytida borini frontga bergan bagʻrikeng xalqning oliyhimmat avlodlari bugun xastalik xurujidan, boʻronu toshqindan talofat koʻrgan birodarlariga qanday himmat koʻrsatayotganiga bir qarang!
“Har uch nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan”, dedi davlatimiz rahbari. Mana shunday matonatli xalqning zurriyotlarimiz! Bugun ota-bobolarimiz, onalarimiz, momolarimiz yoʻlida jon olib, jon bergan tinchligimizni asrash uchun hech boʻlmaganda uch yuzdan birimiz jonfido boʻla olayapmizmi?!
“Ilhaq”dagi bir lavhada fashist zobiti Zulfiya momoning oʻgʻlidan: “Sen nima uchun urushyapsan? Joningni tikkaning Stalin shunga arziydimi?”, deb soʻraganida u mardonavor turib “Onam, oilam uchun urushyapman”, deb javob berdi. Hech birimizga sir emas, bugun dunyo qalqib turibdi. Avvalo olamni zir titratgan pandemiya, soʻng davlatlararo kuchayib borayotgan ziddiyatlar, manfaatlar toʻqnashuvi, gegemonlik tajovuzi, “sen zoʻrmi, men zoʻrmi?” qabilidagi kurashlar, axborot xuruji, terrorizm, diniy ekstremizm balosi, odam savdosi, giyohvandlik singari ofatlar... Bularning har biri – ulkan front emasmi?! Bu frontda oʻsha mard askar singari oilamiz uchun, bolalarimiz uchun fidoyilik koʻrsata olamizmi? Ular tinchlikka, osoyishtalikka, sogʻliqqa, farovonlikka, mehr-oqibatga, ezgulikka hech qachon ilhaq boʻlmasligi uchun nimalar qilyapmiz?
“Ilhaq” filmi va Zulfiya momoning matonati meni shular xususida chuqurroq oʻylab koʻrishga undadi.
Sizni-chi?!
Doniyor TURSUNOV,
Qashqadaryo viloyati Sogʻliqni
saqlash boshqarmasi boshligʻi.