Murojaatnomadan kelib chiquvchi vazifalar belgilab olinmoqda
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Murojaatnomaning mazmuni va ahamiyati borasida so‘z borar ekan, asosiy e’tibor qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish bilan birga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid jihatlarga qaratildi.

— Prezidentimiz Murojaatnomasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholi salomatligini saqlash sohasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berildi, — dedi fraksiya rahbari X.G‘afforov. — Ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani haqida so‘z yuritilar ekan, nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham o‘ylash zarurligi qayd etildi. Murojaatnomada davlatimiz rahbari ekologik muammolarni bartaraf etishda mahallaning rolini kuchaytirish masalasiga to‘xtalar ekan, tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelasi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerakligi, ekologik holatni yanada yaxshilash uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlar, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Bu boradagi vazifalarni, umuman Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirishimiz, unda belgilab berilgan vazifalarni parlament nazorati shakllaridan foydalangan holda sifatli ijro etilishi yuzasidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz lozim.
Yig‘ilishda Murojaatnoma bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, fraksiya oldidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama etildi. Loyihaga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida sug‘orish tizimlarini joriy etish uchun 50 milliard so‘m, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishga 120 milliard so‘m, sug‘oriladigan yerlarning shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi ob’ektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish uchun 88 milliard so‘m ajratilishi deputatlar tomonidan ijobiy baholandi.

O‘zMTDP fraksiyasining yig‘ilishida ham “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilinar ekan, fraksiyaning taklifi bilan byudjetnomaga jiddiy o‘zgarishlar kiritilayotganiga e’tibor qaratildi.
— 2023 yilgi byudjetnomada fraksiyamiz tomonidan bildirilgan aksariyat takliflar e’tiborga olingan, — dedi fraksiya a’zosi Jamshid Qosimov. — Jumladan, nodavlat-notijorat tashkilotlarini moliyalashtirish uchun 80 milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan edi. Fraksiyadoshlarimizning taklifi bilan endi bu mablag‘ 200 milliard so‘mga oshirildi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi uchun ajratiladigan mablag‘ ham 165 milliarddan 200 milliard so‘mga oshirildi. O‘tgan fraksiya yig‘ilishida deputatlar aholini uy-joy bilan ta’minlash uchun ajratilayotgan mablag‘ yetarli emasligiga e’tiroz bildirgan edi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tarbiyachilari ish haqini oshirish masalasi ham ko‘tarilgan edi. Hozir ushbu masalalar mas’ullar tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Yig‘ilishda byudjet loyihasi yuzasidan yana bir qator takliflar bildirildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining parlamentga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi yuzasidan ham fikr-mulohaza va munosabatlar bildirilib, undan kelib chiquvchi vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA