Murojaatlar qonun doirasida yechim topmoqda
Joylarda aholi bilan jonli muloqotlarning yo‘lga qo‘yilgani odamlarda muammolarni ijobiy hal qilish uchun ishonch uyg‘otdi. Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi va tizimdagi idoralar boshliqlari tomonidan shaxsiy qabullarda 4 ming 349, sayyor qabullarda 1 ming 474 murojaatlar qabul qilingan.
Davlat idoralari murojaatlarga alohida e’tibor berayotganligi va dolzarb muammolar tahlili ko‘plab islohotlarga ham sabab bo‘lmoqda.
“Osilib” qolgan 200 million
“Shuhratjon” xususiy firmasi Bag‘dod tumani “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan. Biroq belgilangan mablag‘ni ololmay oylar davomida sarson bo‘ladi. Gap shundaki, 2023 yil 28 aprelda tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi va “Shuhratjon” xususiy firmasi o‘rtasida solishtirish dalolatnomasi tuzilgan. Ikki tashkilot o‘rtasida “Guliston” mahalla fuqarolari yig‘ini binosini ta’mirlash yuzasidan pudrat shartnomasi rasmiylashtiriladi. Taraflar o‘rtasida tuzilgan bajarilgan ishlar qiymati haqidagi hisobvaraq-fakturaga ko‘ra, “Shuhratjon” xususiy firmasi tomonidan 200 million so‘m miqdorida ta’mirlash ishlari bajarilgan.
Shunga ko‘ra, haqdor xususiy firma qarzdorlikni to‘lash yuzasidan talabnoma yuboriladi. Biroq javobgar tomonidan qarzdorlikni to‘lash imkoni mavjud emasligi haqida javob xati yuboradi. Xullas, mana shunday mojarolar...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi farmoniga asosan, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi negizida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etilgan. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tugatilib, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga o‘tkazilgan. Shu sababli ushbu qarzdorlik “osilib” qolgan.
Bag‘dod tumani adliya bo‘limiga “Shuhratjon” xususiy firmasi rahbari murojaat qilib firma tomonidan ko‘rsatilgan qurilish va ta’mirlash xizmatlari uchun belgilangan mablag‘ to‘lanmayotganligini ma’lum qilgan. Adliya bo‘limi tomonidan tadbirkor manfaatini ko‘zlab Rishton tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi. Da’vo ariza qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan tadbirkor foydasiga tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limidan 200 million so‘m mablag‘ undirilishi belgilandi.
Beshariqdan eksklav – So‘xga borish mukofoti to‘lab beriladi
Beshariqlik Sherzod Jabborovning kasbi shifokor. U Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabr kungi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2022 yil 11 apreldan boshlab, So‘x tumanidagi “Sarikanda” oilaviy shifokorlik punkti mudiri lavozimida ishlaydi. Shifokor ushbu farmon asosida o‘ttiz million so‘m miqdoridagi bir martalik pul mablag‘i hamda har oylik ijara puli to‘lanmaganligidan norozi bo‘lib adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
– Beshariq So‘x tumanidan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uning ustiga yirik eksklav hudud, – deydi shifokor Sherzod Jabborov. – To‘rt tomoni Qirg‘iziston chegaralari bilan tutashib ketgan. Qaror asosida oilam bilan ko‘chib kelib ishlayapman. Biroq bir yil bo‘lsa-da, belgilangan summa to‘lab berilmadi. Bir do‘stimning maslahati bilan So‘x tuman adliya bo‘limiga murojaat qildim. Yaxshiyam murojaat qilganim. Sud tartibida murojaatimni ijobiy hal qilib berishdi.
Qabriston nazoratchilarining 55 million so‘m ish haqlari
Furqat tumani adliya bo‘limi tomonidan tuman obodonlashtirish boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 1 apreldagi “Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi monitoring asosida o‘rganildi.
O‘rganish davomida tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ushbu qarorning 12-bandida qabriston nazoratchilariga 4-razryadda oylik haqi ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, boshqarma tomonidan 2-razryadda ish haqi to‘langanligi ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 244-moddasida “Ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan.
O‘rganish bo‘yicha tuman adliya bo‘limi tomonidan obodonlashtirish boshqarmasiga taqdimnoma kiritilib, tumandagi 61 nafar qabriston nazoratchilariga 2023 yil uchun 55 million 109 ming so‘m to‘lanmay qolgan ish haqi undirib berildi.
– Qabristonda 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlayman. Savob ish, – deydi Alijon Xoliqov. – Lekin biz razryad, oylik ustamalar, qo‘shimcha imkoniyatlar haqida to‘liq tasavvurimiz yo‘q. Lekin adliya xodimlari qonunchilikka mosligini o‘rganish davomida aniqlangan qo‘shimcha ish haqlarini biz ham endi bildik. Ular o‘rganish olib bormaganlarida bilmay yuraverardik. Mana endi 1-2 oydan beri qo‘shimcha ustamalarni ham olyapmiz.
“Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam” she’rini o‘g‘irlashdi
Mualliflik va turdosh huquqlarining mamlakatimizda himoyalanishi ijodkorlar uchun andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymaydigan yangi davrni boshlab berdi. Nima uchun biz aynan andisha haqidagi fikrni qo‘lladik?! Sababi oddiy. Ijodkorlar tabiatan halim, birovning dilini xufton qilmaydigan toifa. Aksariyat ijod ahlining mualliflik huquqlari poymol bo‘lsada, foydalanuvchilarga yo‘l beradi. Indamaydi. Bu ayni haqiqat!
Xursand bo‘ladigan jihati shundaki, ular ham ayni kunlarda o‘z muallifligini himoyalashga odatlanyapti. Bu holatlarning hammasi yaxshilikka.Mana bir misol:
Otabek Tillayevning “Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam” she’rini o‘qisangiz sel bo‘lasiz. Badaningizda chumoli o‘rmalaydi. Yaxshi ijod mahsuli. Ana shu asarni fuqaro Shahzodbek Rahmonov muallifning ruxsatisiz, so‘ramasdan yoki shartnoma tuzmay ijro etib o‘zining internetdagi ijtimoiy sahifasi orqali barchaning e’tiboriga havola qiladi. Muallifning tegishli chora ko‘rish to‘g‘risidagi murojaati Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Murojaatni o‘rganish yakuni yuzasidan Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Rahmonov Shahzodbek Shuhratjon o‘g‘liga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi (prim 1) birinchi qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi va uning tizimlariga o‘tgan yilda 12 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, ularning 9 mingga yaqini qanoatlantirilgan. Joriy yilning olti oyi davomida boshqarma va adliya bo‘limlariga 6 mingga yaqin murojaatlar yo‘llangan.
Murojaatlarning kelib chiqishi tahlillariga ko‘ra, sohalarda mehnat munosabatiga doir 1 ming 633 murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan 880 tasi oylik ish haqlari masalasidagi murojaatlarni tashkil etmoqda. Adliya bo‘limlariga kelib tushgan shikoyatlarning xususiyati bo‘yicha tahlil qilinsa, 41 foizi mehnat nizolariga doir ekanligini ko‘rish mumkin.
Viloyat adliya boshqarmasi va tuman-shahar adliya bo‘limlari tomonidan 2023 yil II yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini ko‘zlab sudlarga mingdan ortiq da’vo arizalari kiritildi va murojaatchilar foydasiga 10 milliard 235 million so‘m pul mablag‘lari undirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA