Murojaatlar bilan ishlashning yangicha tizimi
Joriy yil 23 iyul kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida mazkur tizimni yangicha shakl va yondashuv asosida davom ettirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi. Shu asosda, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sudlarning raislari tomonidan joylarda ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Qonliko‘l tumanida tashkil etilgan ommaviy sayyor qabullar ochiq muloqotlar bilan davom etdi. Unda sudlarning raislari bilan birga Qonliko‘l tumani hokimi, tumandagi Xalq qabulxonalari mas’ullari, mutasaddi soha vakillari faol ishtirok etdi.
Ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, joriy yil boshidan buyon Qonliko‘l tumani fuqarolaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi va virtual qabulxonasiga, shuningdek, o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida jami 905 ta masala yuzasidan murojaat kelib tushgan. Shundan 75 tasi sud-huquq masalalari ya’ni sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga (prokuratura, ichki ishlar va adliya vazirligi) tegishli.

Ommaviy sayyor qabul jarayonida fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyat qismi uy-joyni nomiga o‘tkazish yoki uyni qaytarib olish, merosxo‘rni tayinlash, voyaga yetmagan farzandi uchun yoki ota-ona o‘z farzandlaridan aliment undirish, nikohdan ajratish, ish joyiga qayta tiklash va ma’naviy zararni undirish, mehnat stajini tasdiqlash, pensiya undirish, yo‘l transport hodisasi tufayli tayinlangan sud qarorini o‘zgartirish kabi masalalardir.
Qabul davomida 6 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi. Ikki nafar fuqaro esa masalasi ijobiy hal bo‘lgani uchun sud mas’ullariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Aholi bilan bunday ochiq muloqotlar “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning yana bir isbotidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA