Murojaat – raqam emas, inson taqdiri
Buxoro viloyati Vobkent tumanida aholi murojaatlari tahlili: kamaygan raqamlar ortida qanday natijalar bor?Fuqaroni eshitish, uning muammosini o‘rganish va qonuniy yechimini topish davlat boshqaruvining eng muhim mezonlaridan biri. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholi bilan ochiq va samarali muloqot qilish, fuqarolar murojaatlarini “xonadan xonaga” emas, natijadan natijaga olib borishga qaratilgan tizim bugun amalda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
2026-yil 1-aprelda qabul qilingan Prezidentning “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham ana shu siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Hujjatda xalq bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, murojaatlar bilan ishlashni chuqur tahlil qilish va muammolarni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Vobkent tumanida 2026-yilning ikkinchi choragi yakunlari bu boradagi ishlarni raqamlar orqali yaqqol ko‘rsatib turibdi.
2026-yil 1-iyul holatiga Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga Vobkent tumani aholisidan 763 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 691 tasi bo‘yicha natija tasdiqlangan.
E’tiborlisi, murojaatlarning 282 tasi, ya’ni 43,8 foizi ijobiy hal etilgan. 322 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga huquqiy ma’lumot berilgan, 106 tasiga tushuntirish berilgan. Qolgan murojaatlar belgilangan tartibda nazoratga olingan, ko‘rib chiqish yoki o‘rganish jarayonida.
Eng muhim ko‘rsatkich — murojaatlar sonining kamayganidir. O‘tgan yilning mos davrida 983 ta murojaat qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 763 tani tashkil etib, 220 taga yoki 22,4 foizga kamaygan.
Bu shunchaki raqam emas. Bu ayrim muammolarning quyi bo‘g‘inlarda hal etilayotgani, aholining davlat idoralariga murojaat qilish sabablari qisqarayotganidan dalolat beruvchi muhim signal.
Biroq tahlilning mohiyati faqat “kamayish”ni qayd etishdan iborat emas. Aksincha, qaysi masalalar hali ham aholini o‘ylantirayotgani aniq ko‘rinishi kerak.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritish bilan bog‘liq murojaatlar 2025-yildagi 171 tadan joriy yilda 4 taga tushgan.
Yashash sharoitini yaxshilash, uy-joyni ta’mirlash va qurish uchun yordam so‘rab qilingan murojaatlar ham 20 tadan 2 taga kamaygan. Elektr tarmoqlari ob’ektlarini qurish, ta’mirlash va o‘zgartirish masalalari bo‘yicha murojaatlar 21 tadan 6 taga tushgan.
Shu bilan birga, kadastr ma’lumotlar bazasi bilan bog‘liq murojaatlar 5 tadan 17 taga, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha murojaatlar 9 tadan 12 taga, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam masalasidagi murojaatlar esa 12 tadan 23 taga oshgan. Bandlik sohasida axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari faoliyati bo‘yicha murojaatlar ham 1 tadan 3 taga ko‘paygan.
Demak, raqamlar bizga bitta muhim xulosani beradi: umumiy murojaatlar kamaygani bilan muammolar tarkibi o‘zgarmoqda. Shuning uchun har bir soha bo‘yicha alohida “diagnoz” va aniq yechim zarur.

Davlat rahbari nomiga yo‘llangan va tumandagi tashkilotlarga yuborilgan murojaatlar ham 2025-yildagi 570 tadan 391 taga, ya’ni 179 taga kamaygan. Biroq ayrim tashkilotlarda murojaatlar soni aksincha oshgan.
Masalan, tuman hokimligi tomonidan o‘rganilgan murojaatlar 84 tadan 100 taga, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga yo‘naltirilgan murojaatlar esa 42 tadan 67 taga ko‘paygan.
Yana bir muhim jihat – murojaatlarni ijobiy hal etish darajasi. Tuman bo‘yicha bu ko‘rsatkich 53 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayrim tashkilotlarda natija ancha past. Oila va xotin-qizlar bo‘limi – 43 foiz, Ichki ishlar bo‘limi – 42 foiz, Yoshlar ishlari bo‘limi – 33 foiz, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi – 29 foiz.
Bu raqamlar shunchaki statistika emas. Ular mas’ul idoralar uchun aniq vazifani belgilab beradi: murojaatni qabul qilishning o‘zi yetarli emas, uning ortidan natija bo‘lishi shart.
Tahlillarda takroriy murojaatlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yilda ularning soni 134 tadan 106 taga kamaygan. Biroq takroriy murojaatlar umumiy murojaatlarning 16 foizini tashkil etayotgani muammolarni birinchi murojaatdayoq hal etish samaradorligini yanada oshirish zarurligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, takroriy murojaatlarning asosiy qismi aliment undirish, ish bilan ta’minlash, bolalar nafaqasi, ish haqi, ijro hujjatlari bo‘yicha qarz undirish va bir martalik moddiy yordam kabi masalalarga to‘g‘ri kelmoqda. Mahallalar kesimida esa eng ko‘p takroriy murojaatlar Vobkent, Changaron, Do‘stlik, Teraklik va boshqa hududlarda qayd etilgan.
Bu yerda muhim savol tug‘iladi: nega fuqaro bir masala bilan bir necha marta murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda? Ana shu savolga javob topish murojaatlar bilan ishlashdagi eng muhim mezonlardan biridir.
– Eng avvalo, har bir raqam ortida inson turganini unutmaslik kerak, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari I.Karimov. – Murojaatlar sonining kamayishi ijobiy tendensiya. Lekin biz bu ko‘rsatkichni o‘z-o‘zicha muvaffaqiyat deb baholamaymiz. Asosiy mezon — muammo qay darajada va qaysi bosqichda hal etilmoqda. Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim masalalar bo‘yicha sezilarli ijobiy siljish bor. Shu bilan birga, kadastr, moddiy yordam, ayrim ijtimoiy va bandlik masalalarida murojaatlar ko‘paygan. Demak, shu yo‘nalishlarda profilaktik ishlarni kuchaytirishimiz zarur. Takroriy murojaat bu mas’ul tashkilot uchun jiddiy signal. Fuqaro bir masala bilan qayta-qayta murojaat qilayotgan bo‘lsa, demak, birinchi murojaatda uning muammosi to‘liq hal etilmagan yoki unga berilgan javob uni qoniqtirmagan. Shu sababli Xalq qabulxonasi tomonidan nafaqat murojaatning ijrosi, balki uning mazmuni, sababi va yakuniy natijasi ham tahlil qilinadi. Agar fuqaro tuman yoki viloyat darajasidagi idoralarga murojaat qilganidan keyin ham natija topmasa, u yuqori bosqichga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Davlat rahbari tomonidan yaratilgan Xalq qabulxonalari tizimining asosiy maqsadi ham aynan shu fuqaroning muammosini yuqoriga chiqib ketmasidan oldin quyi bo‘g‘inning o‘zida qonuniy va adolatli hal etish. Murojaatni o‘z vaqtida ro‘yxatga olmaslik, ijroni kechiktirish, sayyor qabullarni nomigagina o‘tkazish yoki ularni axborot tizimiga kiritmaslikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xalq qabulxonasi tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 3 ta taqdimnoma, 3 ta axborot, 4 ta talabnoma, 5 ta ko‘rsatma va 2 ta taklif kiritildi. Natijada bir nafar xodim qat’iy ogohlantirildi, ikki nafar mas’ul xodimga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. Bu jazolash uchun emas, mas’uliyatni oshirish uchun amalga oshirilayotgan choralardir. Bir murojaatni 12 kun kechiktirish — bir insonni 12 kun kuttirishdir Tahlillar davomida aniqlangan bir holat bu masalaning naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Do‘stlik mahallasida yashovchi fuqaro Nilufar Shodiyeva 2026-yil 11-fevral kuni “Vobkent Siti” MCHJ tomonidan uy-joyiga yetkazilgan zarar yuzasidan murojaat qilgan. Murojaat 12-fevral kuni ijro uchun tegishli bo‘limga elektron tarzda kelib tushgan. Ammo u 12 kundan so‘ng — 24-fevral kuni ijroga qabul qilingan. Qonun esa boshqacha talab qiladi: murojaat kelib tushgan kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan bo‘lsa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Bu yerda gap oddiy texnik xatolik haqida emas. Murojaatni kechiktirish – fuqaroning muammosini kechiktirishdir. Shuning uchun davlat idorasi xodimining mas’uliyati, eng avvalo, fuqaroning vaqtini qadrlashdan boshlanadi.

Vobkentda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish amaliyoti ham kengaymoqda. Tuman hokimi 8 ta sayyor qabul o‘tkazib, 28 ta murojaat qabul qilgan. Ko‘rib chiqilgan 18 ta murojaatning barchasi ijobiy hal etilgan. Tuman prokurori 10 ta sayyor qabulda 31 ta murojaat qabul qilib, ko‘rib chiqilgan 24 tasining barchasini ijobiy hal etgan. Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan 2 ta sayyor qabulda 5 ta murojaat qabul qilinib, ko‘rib chiqilgan 4 tasi ijobiy hal etilgan.
Mahallalarda esa yilning birinchi yarmida 90 ta ommaviy sayyor qabul o‘tkazilib, 200 ta masala qayd etilgan. Shundan 143 tasi ijobiy hal etilgan. Bu amaliyotning eng katta afzalligi shundaki, rahbar kabinetda murojaat kutib o‘tirmaydi — muammoning o‘zi bor joyga boradi. Ammo nazoratdagi bo‘shliqlar ham bor. Shu bilan birga, barcha tashkilotlarda sayyor qabullarni tashkil etish bo‘yicha ishlar birdek emas.
Masalan, tuman byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan reja-jadvalda belgilangan ayrim sayyor qabullar o‘tkazilmagan yoki Virtual Xalq qabulxonasi axborot tizimiga kiritilmagan.
“Agrobank”ning tuman filialida ham bir qator mahallalarda rejalashtirilgan sayyor qabullar o‘tkazilmagan yoki tizimda aks ettirilmagan. Bu holatlar bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatadi: raqamli tizimda qayd etilmagan qabul amalda nazoratdan chetda qolishi mumkin. Shuning uchun har bir qabul, har bir murojaat va har bir javob raqamli tizimda o‘z vaqtida aks etishi shart.
Murojaatlarni hududlar kesimida tahlil qilish ham muhim. Ikkinchi chorak yakuniga ko‘ra, murojaatlar soni “Vobkent” mahalla fuqarolar yig‘inida 31 ta, “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida 28 ta, “Teraklik”da 21 ta, “Ko‘lxatib”da 20 ta, “Latifsobungar”da 20 ta, “O‘zbakon” va “Nayman”da 18 tadan qayd etilgan. Bu raqamlarni shunchaki “ko‘p” yoki “kam” deb baholash yetarli emas. Nega aynan shu mahallada murojaatlar ko‘p? Qaysi muammo takrorlanyapti? Qaysi tashkilotning ishida uzilish bor? Ana shu savollar tahlilning haqiqiy qiymatini belgilaydi.
Jamoaviy murojaatlar soni o‘tgan yil darajasida – 18 ta bo‘lib qolgan. Ammo ularning atigi 4 tasi ijobiy hal etilgan.
Murojaatlarda asosan ichki yo‘llarni ta’mirlash, gaz ta’minoti, ijro hujjatlari, ish bilan ta’minlash, ta’lim, jamoat xavfsizligi, sport, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va mehnatga haq to‘lash kabi masalalar ko‘tarilgan. Demak, jamoaviy murojaatlar — bir fuqaroning emas, butun mahallaning ehtiyojini ko‘rsatadigan indikator. Shu bois ularni alohida nazoratga olish, muammoning ildizini o‘rganish va tizimli yechim ishlab chiqish talab etiladi.
Vobkent tumanida murojaatlar bilan ishlashda ijobiy tendensiyalar bor. Umumiy murojaatlar 22,4 foizga kamaygan. Ijtimoiy himoya, uy-joy, elektr ta’minoti kabi qator yo‘nalishlarda murojaatlar sezilarli qisqargan. Biroq kadastr, moddiy yordam, ayrim bandlik va ijtimoiy masalalarda murojaatlarning ko‘payishi hali hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar borligini ko‘rsatmoqda. Takroriy murojaatlarning 106 tani tashkil etayotgani esa har bir murojaatni birinchi bor kelganidayoq sifatli ko‘rib chiqish zarurligini anglatadi.
Eng muhimi, davlat rahbari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil murojaatlar bilan ishlashning bosh mezoni bo‘lib qolishi lozim.
Xalq qabulxonasi faoliyatining haqiqiy samarasi esa qabul qilingan murojaatlar soni bilan emas, muammosi hal bo‘lgan insonlar soni bilan o‘lchanadi.
Shu ma’noda Vobkentdagi bugungi tahlil bitta muhim haqiqatni ko‘rsatmoqda: murojaatni eshitish — vazifa, uni hal qilish — mas’uliyat, bir muammoning qayta murojaatga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik esa davlat xizmatidagi haqiqiy natijadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri