Murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi
Buxoro viloyati Buxoro tumanida yashovchi Gulruh Nurmurodova tug‘ma gipofizar disxondroplaziya kasalligi bilan tug‘ilgan. Tug‘ilganidan uning tayanch-harakat a’zolari, ayniqsa, oyog‘ida deformatsiyalanish, ya’ni qiyshayish qayd etilgan.
Bunday kasallik bo‘y o‘smay qolishi, xalq tili bilan aytganda, pakanalik, ilmiy tilda gipofizar disxondroplaziya, nanizm deyiladi.
Afsuski, Gulruh Nurmurodovada ham xuddi shunday bo‘lgan u 29 yoshga yetganiga qaramasdan bo‘yi tug‘ma kasalligi tufayli 1 metr 18 santimetrni tashkil etgan.
– Dunyo tibbiyoti rivojlanib borayotgan bugungi davrda yuqoridagi kabi tayanch-harakat a’zolarida deformatsiyalanish, nanizm kasalligiga yo‘liqqan bemorlarda jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda, – deydi mazkur jarrohlik operatsiyasida ishtirok etgan mahalliy mutaxassislardan biri, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining travmalar oqibati va ortopediya bo‘limi boshlig‘i Furqat Toshev. – Masalan, jahon tibbiyotida tan olingan birgina Ilizarov usulini qo‘llash bilan kasallarni nafaqat sog‘lom hayotga qaytarish, ularga o‘zlari mustaqil yurish baxtini berish, balki, qiyshaygan oyoqlarini tashqi fiksatsiyalash, ya’ni, bir necha bosqichda qayta to‘g‘rilash hisobidan ular bo‘yini albatta, fiziologik holatidan kelib chiqqan holda 15-20 santimetrgacha cho‘zish mumkinligi fanda o‘z isbotini topgan. Shubhasiz, bu tibbiyotda juda katta yutuq. Gulruhga kelsak, deyarli bir hafta uni mazkur operatsiyaga tayyorladik.

Buxoro viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Rossiya Federatsiyasining G.A. Ilizarov nomidagi travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professori, tibbiyot fanlari doktori Konstantin Novikov hamda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti mutaxassislari hamkorligida bemor Gulruh Nurmurodovada murakkab jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Rossiyalik mutaxassis, tibbiyot fanlari doktori Konstantin Novikov bilan birga bu amaliyotda Respublika hamda viloyatdan yuqori malakaga ega ortoped-travmatologlar qatnashdi. Deyarli 4 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyotida bemorning bir oyog‘idagi boldir va son suyaklari to‘g‘rilandi. Bu oyoqqa Ilizarov apparatida tashqi fiksatsiyalash uslubi qo‘llanildi. Bemor qiz bir necha oyni shu apparatda o‘tkazishi lozim bo‘ladi. Qat’iy tibbiy nazorat ostida bemor oyog‘idagi apparat o‘lchami bir kecha-kunduzda 4 marta o‘rganiladi. Sozlab, o‘zgartirilib boriladi. Bu esa suyakni to‘g‘rilash va o‘stirish imkonini beradi.
Viloyatdan mutaxassis sifatida Furqat Toshev va boshqalar o‘tgan yillar davomida Rossiya Federatsiyasining Kurgan viloyatida G.A.Ilizarov nomidagi tibbiyot markazida xizmat safarida bo‘lib, malaka oshirgan. Tug‘ma hamda orttirilgan ortopedik-travmatologik kasalliklarni tezkor va samarali davolash ko‘nikmalarini egallagan. Yuqoridagi operatsiya esa ana shu ilmiy-nazariy o‘rganish va izlanishning amaliy ifodasi bo‘ldi. Ma’lumotlarga qaraganda, murakkab jarrohlikni boshidan kechirgan Gulruh Nurmurodovaning ayni paytda salomatligi qoniqarli va u umumiy bo‘limga o‘tkazilgan. Bemorning ikkinchi oyog‘idagi anomaliya, qiyshayish bilan bog‘liq muammoni esa ikkinchi bosqichda, yana uch oydan so‘ng aynan shunday jarrohlik yo‘li bilan amalga oshirish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA