Muqobil energiya – tejamkorlik omili
Termiz tumanidagi “Qoraxon” fermer xo‘jaligida biomassani qayta ishlash hamda undan foydalanish masalasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari faoliyatini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
“Qoraxon” fermer xo‘jaligining 155 gektar maydonida paxta va g‘alla yetishtiriladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan olingan daromadning bir qismiga fermer qishloqda non va non mahsulotlari, mebel ishlab chiqarish sexlari tashkil etdi. Issiqxona qurdi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ko‘p tarmoqli xo‘jalik qoshida biomassani qayta ishlab, arzon muqobil energiya manbasi olish texnologiyasini o‘rnatdi. Ayni paytda tejamkor, zamonaviy uskuna yordamida biomassa va turli o‘simliklar qoldig‘idan sifatli muqobil yoqilg‘i ishlab chiqarilmoqda.
– Tayyorlanayotgan mahsulotni dastlab issiqxonamizda sinovdan o‘tkazdik, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari I.Davlatov. – Arzon yoqilg‘i haroratni uzoq vaqt bir me’yorda saqlashi bilan katta qiziqish uyg‘otdi. Endilikda aholi va hatto tashkilotlar ham arzon, qulay yoqilg‘imizga buyurtma bermoqda.
Ko‘p tarmoqli xo‘jalikda qirqdan ortiq kishi doimiy ish bilan band. Ularning ko‘pchiligi kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir. Oybek Cho‘tboyev ham o‘tgan yili Yangiariq qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejini tamomladi. Hozir zamonaviy uskunalarni mahorat bilan boshqarib, muqobil yoqilg‘i – sifatli briket mahsuloti ishlab chiqarayotir.
– Yangi texnologiyani boshqarishni tez o‘rganib oldim, – deydi u. – Bunda menga kollejda olgan bilim va ko‘nikmalarim qo‘l kelmoqda. Ish joyimning zamonaviyligi, ayniqsa, uyimizga yaqinligi ota-onamga juda ma’qul bo‘ldi.
Bu yerda kuniga bir yarim tonnagacha muqobil yoqilg‘i ishlab chiqarmoqda.
– Biz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon va Xorazm viloyatlarida bir qator yo‘nalishlarni yanada rivojlantirishga ko‘maklashmoqdamiz, – deydi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining “O‘zbekistonning tanlangan hududlarida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash” dasturi rahbari o‘rinbosari Yoxann Volmayyer. – Zamonaviy texnologiya yordamida biomassani qayta ishlab, undan muqobil energiya sifatida foydalanish loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida amalga oshirilmoqda. O‘ylaymanki, mazkur texnologiya ixcham, qulay va samaradorligi bilan barchaga manzur bo‘ldi.
Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi vakillari, tadbirkor va fermerlar ishtirok etgan ko‘rgazmali seminarda xorij uskunasi yordamida g‘o‘za, somon poyasi va boshqa o‘simliklar qoldig‘idan muqobil yoqilg‘i ishlab chiqarish hamda undan issiqxonada foydalanish jarayonlari namoyish etildi. Biomassani qayta ishlashning xususiy sektordagi qulayliklari xususida atroflicha fikr almashildi.