Muqaddas qadamjolarga ziyorat
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, jumladan, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, ular ishtirokida yurtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirish ezgu an’anaga aylandi.
Urganch shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Ayollar daftari”dagi 100 nafardan ziyod xotin-qizlar vohaning Shovot tumanidagi “Yusuf Hamadoniy” ziyoratgohiga tashrif buyurdi. Ushbu qadamjoda amalga oshirilgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qayta ta’mirlash ishlarining natijasi ziyoratchilarni yanada quvontirdi.
Bu yerda tadbir qatnashchilariga tasavvuf ilmining yirik namoyandasi Yusuf Hamadoniyning islom ma’rifati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ziyoratchilar qadimiy Xivaning Ichan qal’a majmuasini tomosha qildi. Ular “Ochiq osmon ostidagi muzey shahar”da joylashgan madrasa va minoralarning yaratilish tarixi, yangidan tashkil etilgan muzeylar faoliyati bilan tanishdi.
[gallery-18623]
– Ushbu tadbirlarda ishtirok etayotgan opa-singillarimiz yurtimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan bu kabi g‘amxo‘rlikdan benihoya minnatdor bo‘lmoqda, – deydi Urganch shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Barno Berdiyeva. – Muqaddas qadamjoga ziyorat barchada birdek katta taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar sayohat davomida ko‘hna Xiva shaharning shonli o‘tmishi, rivojlanish bosqichlari, bu yerda yashab o‘tgan ajdodlarimiz, mashhur ijodkorlar xususidagi muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari.