Munosib rag‘bat – ilmiy izlanish va faollikka chorlov
Mustaqilligimizning 30 yilligiga
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi davlatimiz mustaqilligining 30 yilligini sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish borasidagi faolligi bilan munosib kutib oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, ushbu oliygohning Xitoy tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti kafedrasi professori Natalya Karimova «Do‘stlik» ordeni, Konfutsiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti direktori Saodat Nosirova «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, universitetning bir guruh faol o‘qituvchilari mazkur esdalik nishoniga loyiq ko‘rildi.
[gallery-3711]
Universitetda davlatimizning yuksak mukofotlarini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Qudrat Omonov so‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oliy ta’lim sohasiga qaratayotgan alohida e’tibori va amalga oshirilayotgan islohotlar professor-o‘qituvchilarning zamon talabi darajasida talabalarga bilim berishi, ilmiy izlanishlar olib borishiga turtki bo‘layotganini ta’kidladi.
Eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqillik tantanalari oldidan bugungi islohotlarga monand mehnat qilgan, iqtidor va imkoniyatlarini namoyon etgan universitetning bir guruh o‘qituvchilarini taqdirlanishi tizimdagi o‘zgarishlar samarasidir.
– Ushbu oliy ta’lim muassasasida 20 yildan buyon faoliyat yuritaman. O‘tgan yillarda turli lavozimlarda ishladim. Hozir esa Konfutsiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti direktoriman. Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida davlatimizning e’tirofiga sazovor bo‘lib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Kutilmagan sovg‘a va, o‘z navbatida, ishonchdan boshim ko‘kka yetdi. Faoliyatim haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, bugungi kunda uch nafar doktorantning ilmiy rahbariman. 20 nafardan ziyod magistrantga rahbarlik qildim. 3 ta darslik, 8 ta o‘quv qo‘llanma va 90 dan ortiq ilmiy maqola muallifiman, – dedi Saodat Nosirova.
Universitetning turkshunoslik fakulteti dekani Jumali Shabanovning jamoada o‘z o‘rni bor. 40 yillik pedagoglik tajribasi, o‘ttiz yillik mazkur universitetdagi mehnat faoliyati tufayli ustoz ana shunday hurmat va e’tiborga sazovor bo‘ldi.
– Avvalo, mehnatim yuksak baholanganidan behad xursandman, – dedi Jumali Shabanov. – “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni nafaqat menga, balki universitetimiz, fakultetimizga bildirilgan ishonch, deb bilaman. Bundan o‘ttiz yil oldin bitta turk guruhini ochgan edik. bugungi kunda shu kichik guruh katta fakultetga aylandi. Hozirgi kunda turkshunoslik fakultetida 430 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Oliygohda juda katta ishlar qilinganini alohida ta’kidlashni istar edim. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 apreldagi "Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan institut negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etildi. Bu esa universitetimiz imkoniyatini yanada kengaytirmoqda. Ushbu mukofot bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz bundan ham ko‘proq ishlashga, shogirdlar yetishtirish va izlanishlar olib borishimizga bu ulkan ishonchdir.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA