Munosabat: ta’lim va tarbiya – jon ila tan kabidir
“Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”.
Bir asr avval jadid mutafakkirlarimizdan biri Behbudiy aytgan bu fikrlar ayni kunlarda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida keltirilgan fikr va mulohazalar ham aynan buyuk bobokalonlarimizning ilmu-urfonlari, shior va g‘oyalari, xulosa va mushohadalari bilan yo‘g‘rilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda “Ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilayotgan jamiyatimizda inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng va keng imkoniyatlar, odamlarning munosib hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish ahamiyatlidir.
Bu borada mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson omili, inson qadri va sha’nining oshganligini yaqqol anglash mumkin. bugungi kunda davlat idoralarining xalq xizmatiga o‘tganligi, fuqarolar muammolarini o‘rganadigan tashkilotlardan ko‘ra muammolarni hal etadigan mas’ullarning ko‘payganligi ayni “ijtimoiy davlat”ning shakllanayotganligi bilan belgilanmoqda, albatta.
Yangi O‘zbekistonni yaratishdagi ezgu maqsadlarga erishishda bilim va tarbiyaning muhimligi, bu borada esa ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan eng katta investitsiyaga e’tibor berishning naqadar muhimligiga alohida urg‘u berildi.
Ta’limni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, bu borada esa pedagoglarning maqomi, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyaviy maqom asosida belgilash, ayni muddaodir. Chunki, pedagogning asosiy vazifasi – yosh avlodga ta’lim va tarbiya berish, katta hayotga tayyorlash, jamiyatda munosib o‘rin topishlariga ko‘maklashish, ustoz va murabbiylik burchini ato etishdan iboratdir.
Shu o‘rinda yana bir jadid bobokalonimiz Abdulla Avloniyning quyidagi fikrlarini ta’kidlash o‘rinlidir:
“Ta’lim va tarbiya uzviy bog‘liq jarayonlardur, dars ila tarbiya orasida biroz farq bor bo‘lsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidir.”
Uchinchi Renessans poydevori bo‘lgan yosh avlodga zamonaviy va sifatli ta’lim berish uchun ta’lim olish imkoniyat va sharoitlarini yaxshilash borasida ham amaliy ishlar va natijalar muhim. Buning ustiga yosh-avlodga kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish muhimligi borasida fikr bildirgan Prezidentimiz “Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda yoshlar Yevropa kasbiy ta’lim standartlari asosida o‘qitish”ni joriy qilinishi Behbudiy ta’kidlaganidek zamonaviy ilm olishga keng imkoniyatlar yaratilishi bilan belgilanadi.
Shu o‘rinda Abdurahmon Jomiy o‘zining “Bahoriston” asarida ilmni behuda egallamaslik, har bir shaxs foydasi tegadigan ilmni egallashi zarurligi ta’kidlanib, insonning qadr-qimmatini uning molu mulki bilan emas, aksincha, u tomonidan egallangan hunarning kishilar maishiy hayoti farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati bilan belgilanishiga urg‘u berib o‘tgan edi.
Maktabgacha ta’lim islohotini izchil olib borilishi, yangi maktablarning qurilishi, kengaytirilishi, kasb-hunar ta’limi qamrovini oshirilishi, oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar uchun imtiyozlarning barobariga oshirilishi, bularning barchasi inson omili va yosh avlod barkamolligiga qaratilganligini ta’kidlash joiz. Zero, taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalari ham aynan shu masalalar zamirida qurilgan.
Umuman olganda Prezidentimiz tomonidan 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinganligining tag zamirida ilm, ilm va yana bir karra ilm yotganligini anglash qiyin emas.
Shunday ekan bu sohada faoliyat olib borayotgan ziyolilar, pedagoglar, ustoz va murabbiylarga, qo‘yingki, barcha soha egalariga inson qadriga yetish, avvalo, o‘zining inson ekanligini yana bir karra anglash, qadriyatlarga sadoqat, yuksak kelajakka ishonch, bugungi kunga shukronalik hissini tuyib yurish maqsadga muvofiqdir.
Xurshid Qurbonov,
Navoiy davlat pedagogika instituti
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori
O‘zA