Munosabat Ezgulikka qalqon bo‘lib...
2021 yilning 19 yanvar kuni davlatimiz rahbari ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini tubdan takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektorda bu sohada ko‘zga tashlanayotgan muammolar haqida ochiq-oydin gapirib, o‘ziga xos yechimlarini ham ilgari surgan edi.
Shundan so‘ng Respublika ekspertlar guruhi a’zosi tarkibida hududlarimizda bo‘lib, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning joylardagi holati bilan yaqindan tanisharkanmiz, Prezidentimiz so‘zlari naqadar hayotiy ekanini dildan his qildik. Haqiqatan ham, o‘tgan yillar mobaynida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimli tashkil etilmagani, yetarli miqdorda mablag‘ ajratilmagani, kadrlar malakasi oshirilmagani, moddiy-texnik baza mustahkamlanmagani uchun bu sohadagi sa’y-harakatlarimiz ko‘ngildagiday samara bermadi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 26 mart kuni imzolagan ikkita muhim qarori ma’naviy-ma’rifiy ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi, desak, haq gapni aytgan bo‘lamiz. Xususan, “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda aynan yuqorida ta’kidlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari belilangan. Jumladan:
- Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi endilikda mamlakatimizdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtiradi. Bu esa ishning tizimli tashkil etilishini, samarali uslublarning keng ommalashishini, o‘zaro jipslikni ta’minlaydi;
- ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishning ilmiy asoslari ishlab chiqiladi, bu borada chuqur tadqiqotlar olib boriladi va nazariy ishlar amaliyot bilan uyg‘unlashtiriladi, bu esa xalqimiz qalbi, ong-shuuriga chuqurroq kirib borishga yo‘l ochadi;
- axborot asrida targ‘ibot-tashviqotning mutlaqo yangi, ta’sirchan uslublariga tayaniladi, eski qoliplardan voz kechilib, davr talabiga mos yondashuvlar asosida ish ko‘riladi;
-kadrlar tayyorlash va ularning malakasini doimiy oshirib borish orqali eng chekka hududlarda ham ishlarni yuksak saviyada tashkil etishga erishiladi.
Albatta, bu boradagi ishlarning muvaffaqiyati moddiy ta’minot, mablag‘ga ham borib taqalishi sir emas. Prezident tomonidan kecha imzolangan yana bir muhim hujjat – “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror ko‘zlangan barcha ishlarni yuqori saviyada tashkil etishga asos, shart-sharoit yaratadi. Jamg‘armaga 120 milliard so‘m mablag‘ ajratilayotgani, uning katta qismi – 90 milliard so‘m hududlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni jonlantirish uchun yo‘naltirilayotgani ham maqsadning ko‘lami naqadar kengligini ko‘rsatib turibdi.
Quvonarlisi, yangi jamg‘armadan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun 20 milliard so‘m ajratilmoqda. Bu mablag‘ yosh mualliflarning birinchi kitoblarini nashr etish, uyushma a’zolarining ijodiy kechalarini o‘tkazish, adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan uyushma a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatish, yetuk asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish, adabiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan hamda mamlakat ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan badiiy asarlar mualliflarini moddiy jihatdan rag‘batlantirish singari ezgu ishlarga sarflanadi.
Ikkita qarorda ham ma’naviyat va adabiyotga daxldor jihatlar uyg‘un qamrab olinganini ko‘rishimiz mumkin. Zero, yozuvchi-shoirlar hamisha ma’naviy-ma’rifiy ishlarda yalovbardor bo‘lishgan. Shubhasiz, bundan so‘ng ham, adabiyot – xalqning yuragi, degan yuksak aqidaga tayangan holda, adiblarimiz ezgulikka qalqon bo‘lib, ma’naviy qadriyatlarga xuruj qilayotgan illatlarga murosasiz kurash olib boradilar...
Nodir Jonuzoq,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari