MUNOSABAT: birgalikda koʻp ishga qodirmiz!
Mamlakatimiz rahbari uchrashuvda soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi olib borilayotgan mislsiz kurash tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan teng huquqli, oʻzaro manfaatli hamkorlik geografiyasi va koʻlami yana-da kengayib, mamlakatimiz qisqa vaqtda nafaqat mintaqada, balki xalqaro miqyosda ham oʻz oʻrni va soʻziga ega boʻlgan davlatga aylandi. Bunda Turkiy tilli davlatlar bilan hamkorligimiz ham muhim ahamiyatga ega boʻlayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 10-aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan videoanjuman tarzida oʻtkazilgan navbatdan tashqari sammitidagi ishtiroki fikrimiz isbotidir.
Mamlakatimiz rahbari uchrashuvda soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi olib borilayotgan mislsiz kurash tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Yurtimiz hududlarida karantin zonalari va zamonaviy modul kasalxonalarini barpo etish ishlari, vrachlar uchun ijtimoiy kafolatlarni kengaytirish, masofaviy taʼlimni tashkil etish, iqtisodiyot va biznesni real qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qabul qilingan ishlar haqida maʼlumotlar berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi samarali kurashish maqsadida taʼsirchan amaliy choralar koʻrish boʻyicha qator aniq takliflar ilgari surildi.
Taʼkidlash lozim, Prezidentimizning koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va saʼy-harakatlarni birlashtirish boʻyicha bildirgan bir qator muhim takliflari anjuman ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining barcha taklif va tashabbuslari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining yakuniy hujjati – Boku deklaratsiyasida oʻz aksini topganini fikrimiz tasdigʻidir.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bizga qondosh, dindosh va urf-odatlari mushtarak boʻlgan davlatlar bilan doʻstlik va oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlik munosabatlarini yana-da mustahkamlash tarafdori. Ayniqsa, bugungi tashvishli damlarda bu qanchalar muhimligi yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Prezidentimiz anjuman yakunida taʼkidlaganidek, Turkiy xalqlar oʻzlarining koʻp asrlik tarixida bundanda ogʻir sinov va murakkab damlarni boshidan kechirgan va ularni hamjihatlik bilan mardonavor yengib kelgan. Biz birgalikda koʻp ishga qodirmiz.
Alisher QODIROV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi markaziy kengashi raisi.
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Spikeri oʻrinbosari.