"Multiindikator klaster kuzatuvi" aholiga nima beradi?
Özbekistonda inson kapitalini rivojlantiriş, ayniqsa, aholining eng muhim qatlamlari bölmiş xotin-qizlar va bolalar huquqlarini taʼminlaş hamda ularning turmuş farovonligini oşiriş davlat siyosatining ustuvor yönalişlaridan biri bölib qolmoqda. Mamlakatda amalga oşirilayotgan ijtimoiy islohotlarning samaradorligini xolis baholaş va kelgusi rivojlaniş strategiyalarini belgilaş esa xalqaro andozalarga mos keluvçi, aniq va işonçli statistik maʼlumotlarga tayanadi.
Şu maqsadda, Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2026-yil 9-oktabrda «2027–2028-yillarda Özbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvini ötkaziş töğrisida»gi qarori qabul qilindi.
Uşbu muhim hujjat BMTning Bolalar jamğarmasi (YUNISEF) tomonidan işlab çiqilgan global «Multiple Indicator Cluster Survey» (MICS) dasturining 7-davrasi talablari asosida yurtimizda navbatdagi yirik ijtimoiy-demografik tadqiqotni ötkazişga huquqiy va taşkiliy asos yaratdi. Xöş, bu kuzatuv oddiy oilaga qanday foyda keltiradi?
Toşkent davlat yuridik universiteti ilmiy xodimi Javohir Eşonqulov bu borada quyidagiça tuşunça berdi:
–Kuzatuv orqali bolalar va ayollar hayotiga oid maʼlumotlar xonadonlarda ötkaziladigan sörovlar asosida örganiladi. Faraz qilaylik, sörov natijasida ayrim hududlarda oilalar içimlik suvidan foydalanişda qiynalayotgani yoki bolalar uçun tibbiy va taʼlim xizmatlaridan foydalaniş imkoniyati yetarli emasligi aniqlanadi. Bunday maʼlumotlar muammo qayerda köproq uçraşini körsatadi. Natijada masʼul idoralar öz çoralarini aynan şu ehtiyojlarni hisobga olib rejalaştirişi mumkin.
Bu faqat umumiy maqsad emas. Qarorning 12-bandida soğliqni saqlaş, taʼlim, bandlik, ijtimoiy himoya hamda oila va xotin-qizlar sohasidagi masʼul idoralarga kuzatuv natijalari asosida kompleks çora-tadbirlar işlab çiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiş vazifasi yuklangan. Şu bilan birga, sörovda qatnaşişning özi oilaga nafaqa yoki pul tölovi tayinlanişini anglatmaydi.
Sörovda qatnaşgan oilaning maʼlumotlari qanday himoya qilinadi? Qarorning 4-bandiga köra, xonadonlar tasodifiy tanlab olinadi. Sörov yuzma-yuz suhbat orqali ötkazilib, javoblar planşetga kiritiladi. Milliy statistika qömitasi şaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilişi va kuzatuv maʼlumotlarining maxfiyligini taʼminlaşi kerak.
Qarorning 9-bandida tibbiy maʼlumotlardan faqat statistika maqsadida, zarur hajmda va qonunçilik talablariga rioya etgan holda foydalaniş belgilangan. 10-bandga muvofiq, kuzatuvni taşkil etişga kömaklaşuvçi idoralar xonadonlar bilan ötkaziladigan sörovlarga bevosita aralaşa olmaydi.
Gulnoza Boboyeva,
ÖzA