Mulkdorlarga yana bir qulaylik
Prezidentimiz Islom Karimov 2014-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyotning mutanosibligi samarasida yurtimizda ishlab chiqarish hajmi oshib, eksport qilinayotgan mahsulotlar tarkibi va sifati yaxshilanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Prezidentimiz Islom Karimov 2014-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyotning mutanosibligi samarasida yurtimizda ishlab chiqarish hajmi oshib, eksport qilinayotgan mahsulotlar tarkibi va sifati yaxshilanib borayotganini alohida ta’kidladi. 2014-yilda besh yuzdan ziyod yangi korxona, birinchi navbatda, kichik biznes subyektlari eksport faoliyatiga jalb etilgani buning yorqin dalilidir.Bunday natijalarga erishishda eksport qiluvchi korxonalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining jahon bozoriga chiqishida “O‘ztadbirkoreksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasining ham munosib hissasi bor. Mazkur kompaniya kichik biznes vakillarining mahsulotlarini sertifikatlashga yordamlashish, reklama tadbirlari o‘tkazish, xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda ishtirok etish bo‘yicha maslahatlar berish, raqobatbardosh tovarlarni jahon bozorlariga yetkazish orqali ularning mamlakatimiz iqtisodiyoti va tashqi savdodagi ulushini yanada ko‘paytirish kabi vazifalarni bajaradi.
Ana shunday ezgu ishlar ijrosini ta’minlash maqsadida kompaniya Orenburg va Boshqirdistondagi yirik savdo tashkilotlari bilan kelishuv shartnomasini tuzdi. Unga ko‘ra, tashkil etiladigan savdo uylari orqali xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan, raqobatbardosh yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, olma, uzum, nok, karam, pomidor kabi meva-sabzavotlar yetkazib beriladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mamlakatimizda eksport borasida yaratilgan qulay imkoniyatlar tufayli chetga chiqarilayotgan mahsulotlar turi ko‘payib, geografiyasi kengayib bormoqda. Hozirgi kunda AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Norvegiya, Belarus kabi mamlakatlarga qurilish materiallari, plastmassa buyumlar, polietilen quvurlar, meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlari eksport qilinmoqda. Yangi savdo uylari fermer va tadbirkorlarning o‘z mahsulotini eksport qilishni yanada kengaytirishda ko‘maklashadi.
Ana shunday sa’y-harakatlar mamlakatimizda jahon andozalariga mos mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.