Muhofaza hududlarida biotexnik tadbirlar davom ettirilmoqda
Ayni damda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasida o‘txo‘r hayvonlar uchun tabiiy ozuqa muvozanatini saqlash maqsadida tuz qo‘yib chiqildi. Tadbir davomida qo‘riqxona hududidagi turli bo‘limlarga jami 18 tonnadan ortiq tuz tarqatildi. Qo‘riqxonada jami 7 ta bo‘lim va 10 ta aylanma mavjud bo‘lib, ushbu tadbirlar qo‘riqxonaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich bajarildi.

Shuningdek, Jizzax viloyatidagi Zomin davlat qo‘riqxonasi xodimlari tomonidan yovvoyi hayvonlarning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida biotexnik tadbir o‘tkazildi. Unda qalin qor tufayli tabiiy ozuqa topishda qiynalayotgan yovvoyi hayvonlar uchun oldindan belgilangan hududlardagi ozuqa nuqtalariga qo‘shimcha yem-xashaklar yetqazilib, joylashtirildi.

Qolaversa, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi hamda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, Buxoro va Xorazm viloyatidagi “Qizilqum” davlat qo‘riqxonasida ham biotexnik tadbirlar olib borildi. Ushbu muhofaza hududlarida ozuqa maydonchalari yaratildi, yem-xashak va don mahsulotlari qo‘yib chiqildi. Jumladan, Quyi Amudaryoda Buxoro bug‘ulari qo‘shimcha oziqlantirildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, biotexnik tadbirlar yurtimizdagi barcha muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda davom ettirilmoqda. Bu tadbirlar hayvonlarni asrash, bioxilma-xillikni saqlash va ekologik muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA