Muhim masalalar muhokama qilindi
Buxoroda xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O`zLiDeP deputatlik guruhi hamda partiya viloyat Kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlari, O`zLiDeP viloyat Kengashi a’zolari, partiya faollari va mas’ullari, mutasaddi tashkilot va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Obidjon Hamidov kirish so‘zi bilan ochdi.
Yig‘ilish kun tartibidagi dastlabki masala partiya viloyat Kengashi tomonidan o‘tgan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 –“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” Davlat dasturidan kelib chiqqan holda mahalliy Kengash deputatlari va partiya faollari oldida turgan dolzarb vazifalar to‘g‘risida O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Bobomurod Ochilovning axboroti tinglandi.

Siyosiy jarayon “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga o‘tkazilgan saylovda partiya faollari ham ishtirok etib yuqori natijalarga erishdi. Viloyat bo‘yicha partiyadan ko‘rsatilgan 3 nafar nomzod Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat Kengashiga 16 nafar, tuman, shahar Kengashlariga esa 93 nafar deputatlar saylandi.
Partiya viloyat Kengashining tashkiliy-partiyaviy, mafkuraviy targ‘ibot-tashviqot, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari, yoshlar va biznes tuzilmalar, ayollar bilan ishlash yo‘nalishlarida o‘tkazilgan bir qator tadbirlar o‘z amaliy natijasini berdi. O‘tkazilgan tadbirlar va partiyaviy loyihalar natijadorligi mahalliy va markaziy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda batafsil yoritib borildi.

O‘tgan 2024 yilda Buxoro viloyatida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga havola qilindi. Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Feruz Fozilovning ushbu masala yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.
Kambag‘allikni qisqartirish masalasida viloyatda keng qamrovli ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlab o‘tildi. Jumladan, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yil mobaynida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillaridan 236,0 ming nafari doimiy ishga joylashtirildi. Bu asosan qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish va boshqa sohalarga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, viloyat miqyosida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholini dehqonchilikka jalb qilish borasidagi ishlarda ham kutilgan natijalarga erishilmoqda.
Joriy 2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida olib boriladigan ishlar keng ko‘lamli bo‘lib, ularni ham davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari asosida amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, aniq dasturlar asosida joriy yilda 214611 nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash, agrosanoat va qurilish sohalarida qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish borasidagi istiqbolli dasturlar asosida amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Joriy yil oxiriga qadar kambag‘allikdan chiqariladigan aholi sonini 89,6 ming nafarga yetkazish belgilangan.

2025 yilda shuningdek, viloyatda “kompaniya-kooperativ-dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida 33 ta mahallalardagi 253 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi kooperativlarini, mikrosanoat markazlarini barpo etish ham rejalashtirilgan bo‘lib, ularni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishilgan. Shuningdek, turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, Buxoro va Kogon shaharlarini kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirish ham asosiy vazifa sifatida belgilangan. Shu tariqa 13203 nafar ehtiyojmand oila a’zolari kambag‘allikdan chiqariladi.
Joriy yilda Vobkent, Jondor, Olot, Shofirkon tumanlarini ham kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirish borasidagi ishlar jadallashtiriladi. Ushbu tumanlardagi 26451 nafar kambag‘al oila a’zolari doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Qo‘shma yig‘ilishda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Mahalliy Kengash deputatlari va partiya faollari oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri